1 yilda necha kun bor?
Shu savolni istalgan kishidan so'rasangiz 99,9% odam 365 kun deb javob beradi. Maqola mazmuni esa, bizda aslida necha kun mavjudligini ochib berishga harakat qiladi.
Ro'yxat — hayotda nimagadir erishmoqchi bo'lganlar uchun va ulardagi mavjud bo'lgan foydali ish koeffitsiyentini oldindan aniqlab olish uchun maxsus tuzildi.
Bir yilda 365 kun bor deb hisoblasak, Shundan 122 kun uyqu vaqti. O'rta xisobda 8 soat.
— Bizda 243 kun qoldi.
Har bir kishi ta'lim yoki ishga borish uchun yo'l yuradi. 1 kunda 1 soatini yo'l yurishga sarflaydi va bu 1 yilda 15 kun degani.
— Bizda 228 kun qoldi.
Kun davomida jami 2 soat taomlanishga sarflanadi desak, 1 yilda 30 kun ovqatlandik.
— Bizda 198 kun qoldi.
Hammom va unga ta'lluqli bo'lgan ishlar uchun 1 yilda minimum 8 kun sarflanadi.
— Bizda 190 kun qoldi.
Inson insoniy jamiyatda yashaydi, Demak suhbatlashish bor narsa, hech kim butun umrini ishga yoki ilmga bag'ishlay olmaydi. Demak mavzudan tashqari jonli suhbatlar uchun 1 soatdan ketib qoldi. 1 yilda 15 kun.
— Bizda 175 kun qoldi.
Kiyim va ust-boshlaringizni kimdir olib bermasa kerak? O'zingizga mos kiyimlarni tanlash uchun, bozor yoki do'kon aylanish va xarid ishlariga 1 yilda 2 kun ketdi.
— Bizda 173 kun qoldi.
Ish va ta'limdan tashqari telefon qo'ng'iroqlarga javob berishga kuniga 4 minutdan sarflasak, 1 yilda 1 kun ketib qoldi (bu xisob normal odamlar uchun, kompotlar bundan mustasno).
— Bizda 172 kun qoldi.
Innovatsion jamiyatda internet bormagan joy qolmadi, uzoqdagi do'st va tanishlarimiz bilan ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlar orqali, 1 yilda o'rta xisobda 14 kun lenta ko'rish va gaplashishga sarflaymiz (bu xisob normal odamlar uchun, kompotlar bundan mustasno).
— Bizda 158 kun qoldi.
Soch oldirish sartaroshxona (yoki salon) ishlariga 1 yilda 2 kun sarflanadi.
— Bizda 156 kun qoldi.
Hozirgi kunda smartfonsiz yashashni tasavvur qilish qiyin, smartfonda hech qanday amaliyotsiz, unga shunchaki qarab qo'yish, kunni yoki soatni aniqlash hamda oylik to'lovlarini to'lashga jami 1 yilda 1 kun vaqtimiz ketadi.
— Bizda 155 kun qoldi.
Issiq jonni istimasi bor, inson bir yilda o'rta xisobda 5 kun kasallikni boshidan o'tkazadi (mutloq sog'lom odamlar nazarda tutilgan, surunkali kasallar ko'proq sarflaydi).
— Bizda 150 kun qoldi.
Mintalitetimizdagi juda "foydali" urf-odatlar sababidan, to'y hashamlar, kutilmagan xursandchiliklar sababidan 1 yilimizdan 6 kunni yo'qotamiz.
— Bizda 144 kun qoldi.
Shu jumladan do'stlar bilan choyxona davrasida 1 yilda 11 kun.
— Bizda 133 kun qoldi.
Ko'ngilsizliklar, Fors-major holatlari, kayfiyat tushishi, qisqa vaqtli tushkunlik sabablaridan, 1 yilda 15 kunni yo'qotamiz.
— Bizda 118 kun qoldi.
Davlat tomonidan berilgan rasman dam olish kunlari, (1 yanvar, 8 mart, 21 mart, 9 may, 2 ta hayit bayrami, 1 sentyabr, 1 oktyabr, 8 dekabr. Jami 9 kun.
— Bizda 109 kun qoldi.
Kim ham o'z tug'ilgan kunida mashaqqatni istardi? Yana 1 kun havoga uchdi.
— Bizda 108 kun qoldi.
Bir yilda 365 kun bor deb o'ylayotganlar endi hayol qilayotganlarini tushungan bo'lsa shu 365 kundan 52 kun yakshanba. Ya'ni dam olish kunidagi foydasiz ish koeffitsiyenti 25 kun deb olsak.
— Bizda 83 kun qoldi.
Foydasiz ilm. Ha, aynan foydasiz ilm bizning umrimizni ko'p qismini yeb yuboradi. Ishga va ta'limga ta'lluqli bo'lmagan keraksiz yangiliklar, keraksiz ma'lumotlar (futbol yangiliklari, sanatkorlar hayotini o'rganish), hayoti davomida qo'llamaydigan bilimlar. Na ishiga na diniga foyda keltirmaydigan bilimlar, sotib olmaydigan narsa (buyum, uy, mashina, texnika)lar haqidagi ma'lumotlarni o'rganib chiqish vahokazo foydasiz bilimlar uchun 18 kun sarf bo'lib ketadi.
— Bizda 65 kun qoldi.
X U L O S A
Agar ta'lim oluvchi bo'lsangiz, asosiy diqqat markazingiz nimalarga sochilib ketayotganiga nazar soling.
Sen ilmga bor-yoʻgʻingni bermaguningcha, u senga biror narsa bermaydi.
(Abu Homid al-Gʻazzoliy)
Agar siz startup (yangi biznes boshlovchi) bo'lsangiz rejangizdagi yangi maykrasoftni qachon qurishingizni, aniqlab oling.
Biz odatda boy kishilarni ko'rolmaymiz. Ularni kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilganini esa hisobga olmaymiz. Uyda yotib biror bir natijaga erishib bo'lmaydi buni esingizdan chiqarmang! (Shavkat Mirziyoyev)
O'zbekiston sharoitida (standart) normal hayot kechiruvchi inson sifatida 1 yilda necha kuningiz borligiga realroq nazar soling. 1 yilda 365 kun bormi yoki 65 kun? O'tayotgan 300 kunni qanday tejash har doim o'z ixtiyoringizda.
Bu hayotda har bir insonga eng muhim 3 ta resurs berildi:
Misol uchun tugmachali telefondan ko'ra Smartfon tezroq qulayroq, va albatta narxi qimmatroq. Shu afzalliklar bilan vaqtni tejash uchun xizmat qilmasa, demak qulaylik va tezlikka sarflangan sarmoya to'g'ri sarmoya deyolmaymiz, undan ko'ra tugmachali telefon insonni umri uchun afzalroq bo'lib qoladi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, aslida vaqtimizni tejashga xizmat qilishi kerak bo'lgan omillar (smartfon, internet v.h.k) noto'g'ri taqsimot bilan, aksincha uni isrof qilishimizga ham xizmat qilishi mumkin.
Ey gʻofil, koʻp oʻylab foyda-yu mol, Umring sarmoyasin aylama poymol.
(Saʼdiy Sheroziy)
Xullas xulosani o'zingizda qoldirishdan avval, hayotimizdagi eng qimmat navotar (vaqt) haqidagi tarixda aytib o'tilgan muhim so'zlarni keltirib o'taman:
Quyoshning har botishida bir parcha kamayishing bor.
(Hasan Basriy)
Odamzod hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi.
(F. Kolliyer)
Agar sen molingning kamayganiga achinayotgan bo'lsang, umringning kamayotganiga yig'la!
(Surriy ibn Muflis)
Inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir yo‘qotish vaqtni boy berishdir. (Teofrast)
Boy odamlarning eng katta siri shundan iboratki, ular boylik nima bilan o'lchanishini bilishadi. Boylik pul bilan o'lchanmaydi, boylik vaqt bilan o'lchanadi.
(Robert Kiyosaki)
Oʼtib ketgan kuningdan top-chi bir kun, Bugun qaytib kelurmi kechagi kun?!
(Xusrav Dexlaviy)
Hasan Basriy rohmatullohi alayh shunday deganlar: Boshlanayotgan har bir kun shunday nido qiladi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman, sening amalinga guvohman, mendan foydalanib qol, agar oʼtib ketsam qiyomat kunigacha qaytmayman”.
Modomiki vaqt mavjud vositalarning eng qimmatlisi ekan, unda vaqtni talon-toroj qilish eng og‘ir gunohdir. (B. Franklin)
Аli Tantoviy aytadilar: bir kuni shayx Jamol Qosimiy keraksiz narsalar bilan vaqtlarini zoe qilayotgan yigitlarning yonlaridan oʼtayotib afsus bilan: "Eh, qani endi vaqt sotilganida albatta shularning vaqtlarini sotib olgan boʼlardim", dedilar.
Bugungi bir soat ertangi ikki soatga aylanadi.
(T. Fuller)
Umar ibn Аbdulaziz (rohmatullohi alayh) ishning koʼpligidan sal horgʼin koʼringanlarida yaqinlari u zotga achinganlaridan: "bu ishingizni ertaga qoldira qoling", deyishibdi. Shunda u zot: "bir kunning ishi ogʼir kelmoqdaku, ikki kunning ishi toʼplanib qolsa, qanday bajaraman" deb javob berdilar.
Zoe ketgan har bir daqiqa boy berilgan ish, boy berilgan foydadir.
F. Chesterfild
Har qanday tejamkorlik oxir-oqibatda vaqtni tejashdan iboratdir.
K. Marks
Kecha ertaga deding, zotan kechang bugundir. Sen uchun erta yo'q, Ertang bugundir. (Xoris Munzir)
Aziz o'quvchi! Mazkur maqolani e'tiboringizga havola qilish uchun 15 kun vaqt sarfladim. Aslida bu maqolani shogirdlarim uchun yozgandim, so'ngra boshqalarga ham foydali bo'lsin deb, ommaga taqdim qildim.
Soham taqozosidan ko'plab shogirdlar tayyorladim, ulardan 500 dan ziyodi vaqtini qadrlamayotganini ko'rgach, ushbu maqolani yozish (dolzarb) zarurligini yaxshi tushundim.
Bizga ustozlarimiz eng avval vaqtni tejashni o'rgatishgani uchun, mintalitetimizdagi (menga bildirilgan) muammolarni o'rganib chiqib, ushbu maqolani to'liqroq holda foydalanishga topshirdim.
Oldiga aniq bir maqsad qo'ygan inson, yuqorida keltirilgan yillik ro'yxatdan, qaysi jabhada qancha vaqtni tejab qolish mumkinligini belgilab olsin. Ishoqjon Muhammad ustoz aytganlaridek "Alloh taolo vaqt ichida vaqt paydo qilib beradi". Shu orqali yillik foydali ish koeffitsiyentingizni ko'paytirib olishingiz mumkin, agar rostan maqsadingiz bo'lsa.
Chunki "bu hayotda maqsadsiz odamdan ko'ra vaqtni isrof qiladigan kishini ko'rmadim". (Rahimjon Gaziyev)
Ko'pchiligimizda, yuqoridagi 1 yillik tejash qiyin bo'lgan narsalarni aytish oson, ammo bajarish qiyin degan savol tug'ilishi mumkin. Bu holatda tabiiyki amaliyotda qo'llash uchun, ruhiyat kerak bo'ladi.
"Ruhiyatni chet el motivatorlardan ham olsa bo'ladiku" deyish ham mumkin, ammo ular bajargan ishlar, sizni haqiqatingizdan uzoq bo'lgani uchun yoki ular boshqa davlatdagi fantastik inson sifatida ko'ringani uchun, sizga kuchli ruhiyat berolmasligi mumkin. Chunki odatda inson o'ziga (yaqin) qiyoslay olgan kishini ortidan tezroq intilishga harakat qiladi.
Bu xuddi, 42 kilometrlik marafonda sizdan 40 km o'zib ketgan odamga yetish (xuddiki) bajarib bo'lmas ishdek tuyiladi. Bu tabiiy hol.
Aynan shuning uchun, sizlarga vaqtni tejashga oz bo'lsada ruhiyat bag'ishlash uchun, ham maqola muallifi sifatida, ham oddiy yosh o'zbek o'g'loni sifatida, minimal harakter namunasi bo'lib, ustozlarga quloq solib vaqtni tejashga yordam qilgan o'rgangan bilimlarim va bajargan ishlarimni o'rtoqlashaman.
Chunki men ham sizlar kabi hali 30 yoshga to'lmagan bir oddiy insonman.
Zotan har qanday suratga asl ruhiyat olib kiradigan nuqtasi ham ustozlar ko'rsatmasini bugungi kundagi haqiqatini (natijasini) topishdir. Agar hikoya faqatgina tarixiy asar bo'libgina qolmay, mana shu real hayotda mavjud bo'lsa, yana ham yaxshiroq effekt berishi turgan gap. Bir inson sizga qanchalik yaqin bo'lsa (Vatani, yoshi) shunchalik u erishgan natijaga yetishlik yaqin bo'lib ko'rinadi.
Uzoq yillar oldin, ustozlardan doimiy ta'lim olib keldim va toqatim yetgancha vaqtni tejashga harakat qildim. Shunda ham shogirdlarimga: "men umrimni yarmini isrof qilib yuborim, agar sizlar men qilgan xatolarni takrorlamasangiz, ko'proq natijaga erishishingiz mumkin" deb, ko'p eslatib keldim.
Shunday ekan yuqoridagi "toqatim yetgancha vaqtni tejashga harakat qildim" deganimda faqatgina yarim natija ekanini tushundik. Bu degani, agar siz to'laligicha tejay olsangiz 2 barobar ko'proq natijaga erishishingiz mumkin.
Va bu ro'yxat hammada birdek ijobiy his uyg'otmasligi mumkin, kim qanday tushunsa bu uning ichki dunyosi, ya'ni o'zining muammosidir. Turli xil g'arazli va qalb illatlariga boy insonlarni hisobga olmagan holda hammasini ro'y rost yozib chiqdim.
Chunki ustozim Sayyid Rahmatulloh Termiziy darslarini birida: "Odamlarning qalblariga siz mas'ul emassiz, sizning ishingiz yetkazish xolos" deganlar.
Maqola uzun bo'lib ketmasligi uchun ro'yxatni quyidagi maqolada qoldirdim. Vaqtni tejagan holda 30 yoshgacha erishgan natijalarimni qisqacha yozdim: https://rahimjongaziyev.com/rahimjon_gaziyev_haqida
Yoqutlar topilar vaqtlar bilan Vaqtlar topilmas yoqutlar bilan.
Bu gaplarni bu qadar batafsil aytishimni sababi, yuqorida aytib o'tganimdek, qo'limdan 500 ga yaqin shogirdlar o'tdi, ammo juda ko'plarini vaqtni qadriga yetmayotganliklarini ko'rdim. Ularga "nima uchun vaqt sen uchun qadrli emas?" desam, "mana qadrlayapmanku, o'rganyapmanku" deydi. Lekin kunining yarmidan ko'p qismi bekorchi foydasiz narsalar bilan o'tib ketayotgani o'ziga sezilmaydi.
Chunki hammaning bosib o'tgan yo'li va olgan bilimlari bo'yicha o'z o'lchov birliklari bor. Kimning nazdida vaqtni tejab, kimning nazdida vaqtni isrof qilayotganini o'ziga sezilmaydi. Buni bilish uchun, asl vaqtni tejab o'tgan olimlarni hayotiga nazar solish to'g'riroq bo'ladi.
Shuning uchun mazkur maqoladan boshlang'ich xulosa chiqarib olgan bo'lsangiz, qolgan ma'lumotlarni, vaqt haqida mo'tabar asasr bo'lmish, "Ulamolar nazdida vaqtning qadri" kitobini o'qishni tavsiya beraman.
Aziz vatandoshimiz Mavlaviy Domla Hindistoniy rahmatullohi alayhi nomi bilan dunyoga tanilgan olimning boboustozlari boʼlmish, hindistonlik ulugʼ olim Аbdulhay al-Laknaviy rahmatullohi alayh, umrlari davomida islomiy ilmlarning qariyb barcha sohalari boʼyicha 150 ga yaqin asar yozib qoldirganlar. Lekin alloma Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh 39 yoshda vafot etdi.
T A V S I Y A
* * * "Vaqtni tejashni eng birinchi omili, ustozni lozim tutishdir".
Har doim ustozlar, sizni xato qilib yillab bosib o'tadigan yo'lingizni qisqartirib berishadi. Har bir ustozim, xato qilishim mumkin bo'lgan 5-10 yillik xatolarni tejab berishlari sababidan, aslida yo'qotishim kerak bo'lgan juda uzoq yillik umrni tejab qoldim.
Natijalarim kattalar uchun kichik, kichiklar uchun qishloqdan Toshkentga ish qidirib kelgan yosh yigit uchun normal natija deb o'ylayman. Albatta bularning barchasi ustozlar sababidandir, ularni (hammalarini) yaxshi ko'raman va butun hayotim davomida ularni haqqiga duodaman.
O'ylaymanki, bu maqola sizlarga kelgusi hayotingizda ko'plab vaqtlaringizni tejashga turtki bo'ladi.
Biling, bugun sizga bir ilm tuhfa etildi, mana shu ne'matni qadriga qanchalik yetsangiz, Alloh taolo sizga ne'matlarini yanada ziyoda qilib beradi. Zero kitoblarda aytildi:
Bu hayotning mohiyati shundaki: Qadr-qimmatning qadriga yetgan kishigina qadr topajak. Qadrsizlangan har bir narsa zavol topajak. (Xoris Munzir)
Vaqtni tejashga doir ustozlarimdan o'rgangan bilimlarni eng muhimlari 3 tadir:
• Oldingda doim (yetishing mumkin bo'lgan) aniq maqsading bo'lsin.
• (O'sha) maqsad sari vaqtni tejagan holda jiddiy harakat qil.
• Bardavom bo'l va sabr qil. Natija va muvaffaqiyat — Allohdan.
So'zimni bir unutilmas hikmat bilan yakunlayman:
Tarixda iz qoldirib mashhur boʻlgan kishilarni hammasi ham buyuk ishlar qilishgan emas, balki ular shunchaki vaqtdan yutishgan. Lekin vaqtdan yutishning oʻzi buyuk ishdir! (Xoris Munzir)
Аlloh taolodan oʼtkazayotgan kunlarimizni xayr-barakali qilishini, bugunimizni kechamizdan, ertamizni esa bugunimizdan afzal qilishini soʼraymiz