Kechikkan kechinmalar
April 6, 2021

O'tmish | Kechikkan kechinmalar kitobidan

Aziz o'quvchi, endi diqqat bilan quloq sol, bugun senga o'tmish haqida so'zlab beraman.

Ibratli tarix qissalar emas, shunchaki o'tmish haqida. Odamlarning o'tmishi haqida. Faqat sen shoshilma, o'qisang ohista o'qi, tinglasang sokin bo'l.

O'tmish... O'tmish nima u, bo'lib o'tgan voqelik, o'zgartirib bo'lmaydigan haqiqat, baxt yoki hasrat - nadomat.

O'tmish sahifalarini varoqlar ekansan, xuddi tushga tushib qolgandek o'zing barpo qilgan olamda sayr qila boshlaysan. Haqiqatlardan achchiqlanasan, baxtli lahzalardan esa quvonch olasan. Lekin avvallari ham hozirda ham ko'p insonlar o'tmishni asl mohiyatini tushunmay, hasrat nadomatlarga to'lib ketgan o'tmishga yengilib qoladilar.

Sen ham ulg'ayib qolding, endi senda ham o'tmishni bilishga haqli ravishda o'tmishing bor. O'tmish seni chulg'ab olgan payt, kuch topib yana oyoqqa turishing uchun senga o'tmishni asl mohiyatlarini anglab olishing zarur.

Har bir kishining baland ovozda o'qiy olmaydigan sahifalari bo'ladi. U o'tmishdan qolgan bir kitob. Ehtimol senda ham shunday sahifalar bordir.

O'tmish sahifalarini varoqlar ekansan, kelajak sahifalaringni o'qiy olmay qolasan. O'qigan chog'ingda esa o'tmishni varoqlovchi deb yozilgan bo'ladi.

O'tmishdagi tuyg'ular sababidan aql-idrok va ijobiy hislatlaring to'silib qoladi. Tushkunlik esa hamma yo'lni berkitib qo'yadi.

Agar sen munosabatlar qasriga tushib qolsang. O'tmish bilan bugun o'rtasidagi janjal eshigini aslo ochma. Yo'qsa kelajagingdagi ko'p narsalardan mahrum bo'lasan.

Agar yaqinlaringni his-tuyg'ulari sen uchun ahamiyatli bo'lsa, eslashni xohlamagan insonni majburlama. Qadrdoning o'tmishini eslashi uni baxtli qilmasa, demak seni ham baxtli qilmasligi aniq. O'tmish bilan ularni azoblama.

Insonni bir qiyofasi va bir haqiqati bor. Qiyofasi bugungi kun, haqiqati esa o'tmishdagi xatolar. Xatokordan xato, o'tmishdan baxt izlama. Odamlarni o'tmishini Yaratganni o'ziga qo'yib ber, sen aralashma. Chunki o'tmishdan xato topganing bilan, ularning tavbalaridan xabar topganing yo'q. Tavba qilgan insonga esa o'tmishni eslatish og'ir.

Shuning uchun odamlarga har doim ham o'tmishidan kelib chiqib baxo berish to'g'ri bo'lmaydi. Chunki sof olmosning o'tmishi ko'mirdir.

Fikrlaring sayqallangani kabi kechagi kun bilan bugun barobar emasligini topasan. O'tmishdan saboq olib yaxshi bo'lishga intil, shuni o'zi yaxshi yashashing uchun kifoya qiladi. Ahamiyatsiz narsadan, ahamiyatli narsani ajratib ol. Muhimi bugungi kuning kechagi kuningdan yaxshiroq bo'lsin.

Yodingda tut, o'tmish bizlarni baxtsiz qilish uchun yaratilmadi.

Ko'rmadingmi, aqlli insonlar yangi g'oyalarni muhokama qilyapti. Nodonlar esa odamlar bilan bahslashyapti. Sen dono bo‘l, kelajakni obod qil.

Bir kun kelib, buguning ham tarixga aylanadi, shu bugunni o'tmish bilan yutkazib qo'yma. Chunki, hayotingni ko'p qismi, bo'lib o'tgan voqeliklar sababidan yo'q bo'ldi. Ana shu bo'lib o'tgan voqeliklar bilan bugungi kuningni ham yo'qotma.

O'tmishni qaytarib ham o'zgartirib ham bo'lmaydi, xotiralar xotiraligicha qoladi.

O'tmish bilan yashash uchun sen hali yoshlik qilasan, shundoq ham bir kun qariysan, xotiralar bilan yashashga yetarlicha vaqting bo'ladi.

O'tmish juda og'ir yuk hammasini ko'tarib yurishga madoring yetmaydi.

U tubsiz zulmat, ertayu kech o'ylasang ham yoritolmaysan. Sen undan kelajak uchun eng kerakli ibratni ol, yomonini tashla, yaxshisini ol.

O'tmish ummoniga sho'ng'isang, uning tubidan faqat singan parchalar topasan. Ularni jamlaguncha sen o'zingni kesasan. Bu tublikdan tezroq chiqmasang, havo yetishmay halok bo'lasan.

Sendan kimdir alamli o'tmishing haqida so'zlab ber desa, ertaga aytib beraman degin. Ertaga kelganida, kecha bir odam o'tmishimni so'radi, degin.

Unutma, kelajakka ishonmagan odamgina o'tmishiga yopishib oladi.

Sen esa, o'lik tuyg'ularing qabrini tiriltirma. Toki o'tmishdagi insonlar seni bezovta qilmasin. Ular o'tmishda qolgani sababli endi ularni o'zgartirib bo'lmaydi. Daraxtdan tushgan yaproq qurishga qanday mahkum bo'lsa, qalbdan chiqqan inson ham unutilishga shunday mahkumdir.

Hech kim hayotingga shunchaki kirib kelmagan. Kimdir jazo, kimdir balo, kimdir imtihon, kimdir esa tajribadir. Muhimi sen, ular sababli bugun kim bo'lishing kerakligi oydin bo'ldi.

Shunday ekan o'tmish senga har qancha achchiq bo'lmasin u senga saboq berdi. Endi afsus nadomatlarsiz unga minnatdorchilik bildir va tark et. Agar unday qilmasang, senga yopilgan eshikka termulib, yangi ochilgan baxt eshigini ko'rolmay qolasan. Shunday ekan o'tmishingga uzoq to'rmulib qolma, yo'qsa baxtingni qo'ldan boy berasan.

Bugunni yoritgan quyosh, o'tmishni yorita olmaydi. Shunday ekan buguningni g'animat bil, qadrdonlarni qadriga yet. Sabrli bo'l. Quyosh yana chiqishi kerak. U doim shunday qiladi.


"Kechikkan kechinmalar" kitobidan. © Rahimjon Gaziyev (04 aprel 2021 yil 0:14 — 06 aprel 2021 yil 10:31)