Tush haqida (muxtasar)
Kirish
Holatimizda juda ko'p sodir bo'ladigan ammo bu haqida hamma o'zi bilganicha gapirib ketaveradigan bir muhim mavzuda suhbatlashamiz.
Hadislardan ma'lumki, holatimizda sodir bo'ladigan narsalar ilmini o'rganish bizga farz qilingan. Masalan qalb holatlari, taomlanishdagi shartlar (nimani yeyish joiz, nimalar nojoiz), kerakli payt g'usl qilish vahokazo. Inson tush ko'rishi ham holatimizda ko'p sodir bo'ladigan ishlardan. Lekin afsuski surishtiruvlarim natijasida ko'pchiligimiz deyarli har hafta duch keladigan tush haqida asosli ilmimiz deyarli yo'q ekan. Kimdan so'rasam qo'shni aytgan gapdan nariga o'tmaydi, yoki tush bo'yicha ayollar tabirga usta deydi, ba'zilar esa tushni ahamiyatsiz quruq safsata ham der ekan.
Alloh taolo Yunus surasining 64-oyatida:
"Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir".
Ushbu oyatda kelgan "bushro" so'zini ba'zi ulamolar "solih tushlar" deb tafsir qilishgan.
Maqolada o'rganishimiz mumkin bo'lgan ilmlar:
- Ibn Sirin rahmatullohi alayh haqida qisqacha;
- Solih tush nubuvvatning qirq olti bo'ladigan bir bo'lagidir;
- Yomon tush ko'rsa nima qilish kerak?
- Tushning turlari;
- Ta'bir qilinmaydigan tushlar;
- Tush ko'rish uchun nima qilish kerak?;
- Tushni kimga aytmaslik kerak?
- Tush farishtasi haqida;
Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh haqida
Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xalifalik zamonida Basrada hijriy 30 yili tug‘ilganlar.
Hishom ibn Hasson rohimahulloh aytadi: “Muhammad ibn Siyrin 30 ta sahobiy bilan bir davrda yashab, ularning suhbatidan bahramand bo‘lgan”.
- Anas ibn Molik roziyallohu anhu
- Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu
- Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu
- Abdulloh ibn Zubayr roziyalllohu anhu
- Abu Hurayra roziyallohu anhu
- Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu
- Abdulloh ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhu va boshqa sahobilar.
Abu Bakr Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi hijriy 110 yili Hasan Basriy rahmatullohi alayhining vafotlaridan 100 kun o‘tgandan so‘ng 80 yoshlarida Basrada vafot etadilar.
U zot ulug‘ tobe’in, tafsir, hadis, fiqh va tush ta’birlarida imom edilar.
Manbalarda, Buyuk mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayhning tushlarini ham ibn Sirin rahmatullohi alayh ta'bir qilib berganlari aytilgan.
Ibn Sirin rahmatullohi alayh muqaddimasi
Olamlar Robbi Allohga hamd va payg'ambarlar ulug'i sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotlar, ul zotning ahli-oilasi va barcha sahobalariga Allohning rahmati nozil bo'lsin.
Alloh taolo barchamizni ezgu ishlarga muvaffaq etsin! Bu sohaga yangi kirishayotgan kishi bilib olishi lozimki, inson tushda ko'radigan holatlar asosan ikki qismga bo'linadi.
Bu xususda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:
"Rost tush Allohdan, alaxsirash shaytondandir", deganlar.
Alloh taolo tarafidan berilgan tush solih tush bo'lib, undan boshqa tushlarni ham Alloh yaratgandir. Solih tush bashorat yoki ogohlantirish ma'nosida ko'rinib, Nabiy alayhissalom bunday tushlarni nubuvvatning qirq olti bo'ladigan bir bo'lagidir deganlar.
Yomon tush ko'rsa nima qilish kerak?
Gohida kofirlar va fosiq mo'minlar ham solih-yaxshi tushlar ko'rishi mumkin. Yomon tushlar shaytonga nisbat berilib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday tushlarni sir tutish va uyg'ongach darhol chap tomonga tuflashga buyurganlar. Shunday qilsa zarar yetmasligini vada qilganlar. Bunday yomon tushlar gunohlardan ogoh etish, g'aflatdan uyg'otish va kelgusidagi noxush ishlardan qaytaruvchi emas, balki qo'rquvga olib keluvchi alaxsirash va yomon tushdir. Bu holatlar shaytonga tegishli bo'lmasa ham unga nisbat berilishidan maqsad u ham yomonliklarga chaqiradi.
Ta'bir qilinmaydigan tushlar
Aslida tushda ko'rilgan barcha yaxshi-yomon holatlarning yaratuvchi Alloh taolodir. G'usl vojib qiladigan tushlar shaytondan bo'ladi. Bundan ko'rish mumkinki, nafs vasvasasi, orzu-havaslar, qo'rqitish va xafaliklardan iborat bu tariqa tushlarda tush ko'ruvchining ishiga ta'vil qilinadigan biron hikmat yo'q. Bundan tashqari, qorni to'q yoki och holda uxlagan kishining qalbini egallagan holat uyg'oqlikda unga to'qlik va ochlik tufayli yetgan holatga o'xshaydi. Bunday tushdan biron ma'no va na foyda ham yo'q. Bunday tushda ta'vil etish uchun biron xayrli narsa yo'q va na tushga kirgan taomda ham biror-bir hikmat yo'qdir.
Garchi yomon tush shaytonga nisbat berilsa-da, ularning paydo qilinishi ham Alloh taologa xos bo'lib, uni Alloh taolo yaratdi. Alloh taolo solih tushlarni muakkal farishta hozir bo'lganida yaratib, bunday tushlar rahmoniy deb nomlanadi, Alloh taolo yomon tushlarni shayton hozir bo'lganida yaratib, bunday tushlar shaytoniy deb nomlanadi va unga nisbat beriladi. Yolg'ondan tush ko'rdim, deb aytgan kishi Alloh azza va jallaga bo'hton to'quvchidir. Xabarlarda keltirilganidek, tush ko'rgan kishi tushini ta'birchi, nasihatgo'y yoki o'z ahlidan bo'lgan fikr-mulohazali kishiga aytishi lozim.
Tushini eshitganda bajariladigan mustahab amallar.
Ta'birchi tush ko'rgan kishidan voqeani eshitgan paytda yomon tush ko'rganini bilib, ta'vil qilishdan o'zini tiyib va ta'bir qilishga ojizlik qilib turganida: "Bu tush siz uchun xayrli va dushmanlaringiz uchun yomonlik, sizga yaxshilik kelar ekan, yomonlikdan saqlanar ekansiz", deyishligi mustahabdir. Bu tushning tush ko'ruvchigagina tegishli ekani gumon qilinganda aytiladi.
Agar tushlar ommaga tegishli deb gumon qilinsa: "Bu tush biz uchun yaxshi, dushmanlarimiz uchun yomon, bizga yaxshilik kelur, yomonlikdan saqlanamiz, yaxshilik bizgadir va yomonlik dushmanlarga", deb aytadi. Ta'birchining fahmi teran va tush ko'ruvchining yodidan ko'tarilmaganda, ya'ni tushni ertalab ta'bir qilish yaxshiroqdir. Chunki fahmlash ertalab g'am - tashvishlardan xoliroq bo'lganligi uchun yaxshiroq - sofroq bo'ladi. Bu xususda Rosululloh alayhissalom:
"Allohim ummatimning saharida baraka ber", deb duo qilganlar.
Ta'bir qilish qiyoslash, e'tibor berish, o'xshatish va gumon qilishdan iborat bo'ladi. Tushning o'ziga e'tibor qaratish faqat tushning to'g'riligi uyg'oqlikda yoki tushning aniq hujjatlari ko'ringandagina bo'ladi. Ta'vil ko'proq so'zning ma'nosi yoki ismlarning yasalishiga qarab amalga oshiriladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning suratlariga shayton kira olmaydi. Kim u zotni ko'rgan bo'lsa, haqiqatan o'zlarini ko'ribdi. Mayit haq diyorda bo'lgani bois, tushda uning aytgan gapi rostdir. Yosh go'dakning aytgani ham to'g'ri chiqadi.
Hayvonlar ham gapiradigan bo'lsa so'zi haq bo'lur. Jonsiz va tilsiz narsalarning so'zi belgi va alomat bo'lishi mumkin. Munajjim, folbin va sehrgarlarning tushda aytgan so'zi yolg'ondir. Junub, mast, cho'ri va xizmatkorlardan bo'lgan g'ofil kishilarning tushlari ba'zi vaqtda rost chiqadi. Yolg'onchining ko'rgan hamma tushi yolg'ondir. Rostgo'y kishining tushi to'g'ri bo'ladi. Ta'birchi tushlarning bashorat beruvchi, ogohlantiruvchi yoki dunyo va oxiratga foydali bo'lganini ta'bir qiladi. Ta'birchi Qur'oni Karimga, uning misollariga, ma'nolari va ochiq izohli oyatlariga e'tibor berishi lozim. Masalan, Alloh taolo Oli Imronning 103-oyatidagi "arqon" so'zi xususida:
"Hammangiz Allohning "arqoni"ni (Qur'onini) mahkam tuting" degan. Shuningdek, Soffot surasining 49-oyatida ayollarning sifati haqida bunday degan:
"Ular go'yo (pardaga) o'ralgan (oppoq) tuxumdekdirlar".
Nam surasining 34-oyatidagi:
"Aniqki podshohlar qachon biror qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron eturlar".
Anfol surasining 19-oyatida:
"Agar yordam so'rasangiz, mana sizlarga yordam keldi".
Hujurotning 12-oyatida:
"Sizlardan biror kishi o'lgan birodarining go'shtini yeyishni xohlaydimi?!"
Ma'nolaridagi oyatlardagi o'xshatma so'zlarga diqqat qilishi lozim. Shuningdek, ta'birchi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning va hakim zotlarning o'xshatmalarini ham bilishi kerak. Masalan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"Beshta fosiqlar" degan so'zlari bilan qarg'a, kalxat, chayon, sichqon va quturgan itni zikr etganlar. Demak, tushida "fosiqliklardan zarar ko'rasan" deyilsa, o'ngida mazkur besh narsadan biridan ozor topishi mumkin.
Ibrohim alayhissalom o'g'li Ismoil alayhissalomga qarab:
"Eshik ostonasini almashtir", deganida "ayolingni taloq qil", ma'noni iroda qilgan. Iso alayhissalom: "Kasal huzuriga tabib kiradi", degan so'zlarida tabibdan murod olim, kasal esa johil va gunohkor kishi ekanligini iroda etganlar. Luqmoni hakim o'g'liga "Tushagingni almashtir" degan so'zlari bilan ayolini nazarda tutgan.
Shuningdek, ta'birchi tushning o'xshash ma'nolarini quvvatlovchi omillarga, so'zlarning kelib chiqish joyini aniqlash va ismlarning ma'nolariga e'tibor qaratishi lozim. Masalan: kufr — so'zining asl ma'nosi satr - to'sish, zulm so'zi esa bir narsani o'z o'rnidan boshqa joyga qo'yish degan ma'noni bildirsa, fisq — so'zi chiqmoq, ko'rmoq va bermoq kabi ma'nolarni anglatadi.
Ta'birchi chiroyli xulqli, shariat ilmlariga amal qiluvchi solih insonlardan bo'lishi talab etiladi.
Rahmoniy tushlar ikki qismga bo'linadi:
- Ta'bir va tafsir qilishga muhtoj bo'lmaydigan aniq va ravshan tushlar.
- Aslini bilish foydali va xabarli tushlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha: "Tushlar uch xil bo'ladi.
- Alloh taolodan bo'lgan bashorat.
- Shaytondan.
- Kishi o'zi paydo qiladigan va shunchaki ko'riladigan tushlar.
Yunus surasining 64-oyatida: "Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir".
Ma'nodagi ushbu oyatda kelgan "bushro" so'zini ba'zi ulamolar "solih tushlar" deb tafsir qilishgan.
Bir rivoyatda: "Banda sajda qilgan holda uxlasa, Alloh taolo: "bandamga qaranglar! Uning ruhi mening huzurimda va jasadi esa mening toatimdadir", deydi.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Odam uxlasa, uning ruhi osmonga ko’tarilib Arshga olib boriladi. Agar u tahoratlik pok bo’lsa, unga sajda qilishga izn beriladi, agar junub, nopok bo’lsa, sajda qilishga izn berilmaydi”, deganlar.
Ulamolar nafs (jon) va ruhning mohiyati to’g’risida ixtilof qilishgan. Ba’zilar ular aslida bir narsa bo’lib, ikki nom bilan atalgan, deydilar. Bu xuddi inson va kishi deyilganidek, nafs va ruh qon demakdir. Yoki ular qon bilan birgadir. Chunki insondan qon ketishi bilan ular ham ketadi. O’lgan odamning jismidan qon ketishi ham dalildir. Olimlar arab tili lug’atidan ham hujjatlar keltirishgan. Masalan, ayol kishi hayz ko’rganida “Ayol qon ko’rdi” deyiladi. Tuqqan paytlarida ularni “qon ko’rgan” yoki “qon kelgan ayol” deyiladi.
Boshqa bir ulamoalr ruh va nafs(jon) alohidadir deganlar. Ruh sovuq narsa, nafs issiq narsa bo’ladi.
Alloh taolo Isro surasining 85 - oyatida aytadi:
(Ey, Muhammad!) Sizdan ruh haqida so’raydilar. Ayting: “Ruh faqat Robbimning ishidandir”. Sizlarga esa oz ilm berilgandir.
Ibn Qutayba (r.a.) dedi: “Ta’birchining so’zi rad etilsa ham u o’z ta’birida sobit turishi va nohaqlikka yo’l qo’ymasligi lozim bo’ladi. Ta’bir qilish mushkul bo’lgan tush haqida bilmayman, deyishdan kibr qilmasligi kerak.” Muhammad ibn Sirin bu kabi tushlarni ta’bir qilishdan saqlanar edilar.
Asma’iy aytadi: “Men ibn Sirinning huzurida u ta’bir qilgan tushlarni yig’ar edim. U qirq tushdan birini ta’bir qilardi, xolos”.
Ibn Qutayba: ta’bir etishdan oldin tush ko’rgan odamning gapini tushunib shariat dalillariga solishtirish lozimligini uqtirgan. Agar uni to’g’ri deb topsa Allohdan to’g’rilikni so’rab ta’bir qilinadi degan.
Agar tush qarama - qarshi ikki xil ma’noga dalolat qilsa, birinchi uning lafzlariga e’tibor beriladi va qaysi biri ma’noga yaqin bo’lsa shu olinadi.
Agar tushlar shariat dalillari va ta’bir uslublariga mos kelmasa, shaytondan bo’ladi. Kim safarga ketayotganini tush ko’rsa, safardan maqsadi nima ekani so’ralib shu orqali ta’bir qilinadi. Shuningdek, tushida ov qilayotganini ko’rsa, ovdan maqsadi nima ekani haqida so’ralib ta’bir qilinadi. Agar dilida hech narsa bo’lmasa, aytgan gapiga qaraladi.
Ta'biri yomon tushni yashirish haqida
Gohida tush ko’rishda kishlar tabiati turlicha bo’ladi. Ularning tush ko’rishdagi odatlariga qarab muomala qilinadi va tushlarini o’zlaridan bilib olinadi. Agar tushlar fahsh va qabih ishga dalolat etsa, bu hol berkitiladi va uning o’rniga o’sha lafz zamiridagi yaxshiroq ma’no aytiladi va asl tushning ta’biri tush egasidan sir tutiladi. Bunday holat Ibn Sirindan bir kishining boshida tuxum chaqilganlik tushini ko’rgan holat so’ralganda, u kishi tuxumning oqligi ma’nosini olib, sarig’i dalolat qilgan ma’nosini tark etganini kuzatish mumkin. Tushlarga to’la ishonch bo’lmasa, u gumon ta taxmindir.
Tush jins, sinf, tur va tabiatdan iborat
Tushning asli jins, sinf, tur va tabiatdan iborat bo’ladi. Jinsga daraxtlar, yirtqichlar va qushlar kiradi. Bular ko’pincha tushda erkak kishilar bo’ladi. Sinfga misol: daraxtlar, yirtqich hayvonlar va qushlardan bir turidir. Agar xurmo daraxti bo’lsa, o’sha kishi arablardan bo’lur. Chunki xurmo ko’proq arab diyorlarida o’sadi. Agar qush tovus bo’lsa, ajamlardan bo’ladi. Agar tuyaqush bo’lsa arab badaviylaridan bo’ladi. Agar tushda ko’rilgan daraxt yong’oq daraxti bo’lsa, unda bu kishi og’ir tabiatli, ko’p tortishadigan janjalkash odam bo’ladi. Agar daraxt xurmo daraxti bo’lsa, unda qo’li ochiq, barakali yaxshi kishi bo’ladi.
Alloh taolo Ibrohim surasining 24-oyatida:
"(U so’z) xuddi bir yaxshi daraxtga o’xshaydiki, uning ildizi (yer ostiga) o’rnashgan, shoxi esa osmondadir", deb marhamat qilgan. Ulamolar oyatdagi daraxtdan murod xurmo daraxtidir, deb ta’vil qilishgan. Kimning tushida qush uchayotgan bo’lsa, u kishi safarda bo’ladi yoki safar qiladi. So’ng uning tabiatiga ham qaraladi. Misol uchun: agar qush tovus bo’lsa, u kishi chiroyli va boyligi ko’p bo’lgan ajam kishidir. Agar burgut bo’lsa, podshoh bo’lur. Agar u qarg’a bo’lsa, u kishi fosiq, yolg’onchi va kazzob bo’ladi. Nuh alayhissalom qarg’ani molning holidan xabar olib kelishga yuborganida, u suv yuziga chiqib qolgan o’limtikni ko’rib, qaytib kelmagani uchun zarbulmasalga aylangan. Odamlar qaytib kelaman deb so’z berib kelmaydigan yoki kechikib keladigan kishini Nuh qarg’asi, deb atashadi.
Agar qush hakka bo’lsa, ahdiga vafo qilmaydigan dinsiz odam bo’lur.
Tush ko’rgan odam tushiga yolg’on aralashtirsa o’zini aldagan gunohkor bo’ladi. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, tushida kim qo’rqinch holatni ko’rsa bu uning o’ngidan yaxshi ko’rgan narsasidir deb, ta’vil qilinadi. Ya’ni uning ishlari yengil va qo’rquvsiz kechadi, deyiladi.
Tushlarning eng to’g’risi podshohlar yoki qullarning tushidir. Gohida kishining tabiati vasf qilingan, o’zi qiziqqan narsalarga mos keladi. Tush ko’rsa, yaxshilik, mol, zafar yoki yaxshi ko’rgan narsalariga erishadi va u boshqa kishilarning tushlarida boshqacha ta’vilda bo’ladi.
Rostgo'yning tushi rost, yolg'onchining tushi yolg'ondir
Gohida kishi o’z so’zida rostgo’y bo’lsa, uning tushi ham rost bo’ladi. Agar yolg’onchi bo’lsa yolg’onni yaxshi ko’rsa, tushining hammasi yolg’on bo’ladi. O’zi yolg’onchi bo’lsa ham, yolg’on gaplarni yomon ko’rsa uning tushi gohida rost bo’ladi. Tunda ko’rilgan tushlar kunduzgi tushlardan ko’ra ko’proq ta’bir qilinadi. Tushlarning to’g’riroq bo’ladigan vaqti sahar vaqtida ko’rilgan tushdir. Agar tush ozgina bo’lib, keng qamrovli bo’lsa va unda oshiqcha gaplar bo’lmasa, tez amalga oshadigan tushdir.
Tushlarni ta’bir qilishda shariat ilmlari va ta’bir uslublaridan tashqariga chiqish mumkin emas, aks holda gunohkor bo’lib ta’birlari rost chiqmaydi. Shariat ilmlari va ta’bir uslublari mohir bo’lmagan odamning tush ta’bir qilishi shariatga ziddir.
Yomon tush ko'rganda o'qiladigan duo
Kim yomon ko’rgan narsani tush ko’rsa, uyqudan turganida “Oyatal-kursiy”ni qiroat qilsin va chap tomoniga tuflab ushbu duoni o’qisin:
Ma’nosi: “Muso, Iso, vafodor Ibrohim va Muhammad Mustafoning Robbidan ko’rgan tushlarimning dinim va dunyoda menga zarar yetishidan panoh so’rayman. U zotga yaqin bo’lish azizlikdir. Undan o’zga iloh yo’qdir. U ulug’ Zotdir”.
Qaysi payt tushlar tez voqe bo'ladi?
Ta’birchi fasllarni ham yaxhsi bilishi kerak. Daraxtlar meva solib turgan paytda tush ko’rish umidliroq bo’lsa-da sekinroq amalga oshadi. Agar tush daraxt mevalari yig’ishtirilib, foyda ko’rilgan vaqtda ko’rilgan bo’lsa, bu tush tez amalga oshadigan to’g’ri va maqsadga muvofiqroq bo’ladi. Daraxt barg chiqarib mevasi ko’zga tashlanmagan vaqtda ko’rilgan tushning yuqorida vasf etilgan tushlardan martabasi pastroq bo’ladi. Daraxt barglari to’kilib, mevalari tugagan paytda alg’ov-dalg’ov va shaytoniy tushlar ko’proq uchraydi.
Musulmonlarning sirlari haqidagi tushning tabiri so’ralganda ta’bir qilinmaydi. Musulmonlar o’rtasida fitnaga sabab bo’ladigan tushlar ham ta’bir qilinmaydi.
Ibn Sirinning huzuriga tush ta’birini so’rab kelishsa, uzoq vaqt tush egasining o’zidan, holatidan, kasbi, qavmi, yashash tarzi kabi har tomonlama so’rab chiqqach so’ng ta’birga o’tardilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tushlarida xurmo ko’rar va uni dinining halovati deb bilardilar. Tushlarida asal ko’rsalar uni Qur’on qiroatiga, ilm olishga, yaxshilik va qalb halovatiga ta’bir qilardilar.
Bugungi kunda (Ibn Sirin davri nazarda tutilmoqda) o’sha halovat va himmat ko’pchilik kishilarda dunyolari va uning ziynatlariga o’tib ketgan. Lekin ba’zi zotlar bundan mustasnodir.
Gohida kofir kishi ham solih tush ko’radi va shu tush uning zarariga Allohning huzurida hujjat bo’ladi. Oyati karimada aytilganidek, Yusufning podshohi yettita sigirni tush ko’rdi va bu tush haq bo’lib chiqdi. O’shanda podshoh saltanati zavol topishini tushida ko’rdi hakim Doniyol ta’bir qilganidek tushi rost bo’lib chiqdi. Kisro ham saltanati inqirozga yuz tutishini tushida ko’rgan edi. U ham rost bo’lib chiqqan.
Yer yuzida birinchi ko'rilgan tush
Yer yuzida birinchi ko’rilgan tush Odam alayhissaslomning tushlaridir. Alloh taolo Odam alayhissalomga vahiy qilib dedi: Sen mening yaratganlarimga nazar solding, ular orasida senga o’xshashini ko’rdingmi? dedi. U: yo’q, ey Robbim, Sen meni mukarram etding, fazilatli va muazzzam etding, menga o’xshash seni bir deb tan oladigan va senga ibodat etadigan bir juftni yaratib ber, dedi. Alloh taolo unga: mayli, dedi. Odam alayhissalomni biroz mudroq oldi. Alloh taolo unga o’xshash Havvoni yaratdi va uni tushida ko’rsatdi. Mana shu ko’rilgan tush eng birinchi tush edi. Odam alayhissalom uyg’onsa Havvo uning boshida o’tirgan edi. Robbi Odamga: ey Odam, boshingni oldida o’tirgan kishi kim? edi. Odam alayhissalom: ey Allohim! Bu uyqumda ko’rgan tushim-ku, dedi.
Ibrohim alayhissalom tushlari
Tushlarda haqiqat borligiga Ibrohim alayhissalom tushlarida o’g’lini zabh etganini ko’rgan holat ham dalil bo’ladi. U kishi uyqudan turgach, tushida unga buyurilgan amal haqida o’g’li bilan maslahat qildilar. U haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday hikoya qiladi:
Ya’ni: “Ey, o’g’ilcham! Men tushimda seni (qurbonlik uchun) so’yayotganimni ko’rmoqdaman. Endi sen o’zing nima ra’y (fikr) qilishingni bir (o’ylab) ko’rgin!” - degan edi, u aytdi: “Ey, otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshaalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz”. Ibrohim alayhissalom tushini Allohdan haq deb bilgach, Alloh o’z lutfi bilan yengillik bermaguncha uni amalga oshirishga qattiq harakat qildi.
Shundan ham bilish mumkinki, ba’zan tushlarda hukm qilish ham bo’ladi.
Yusuf alayhissalom tushlari
Yusuf ibn Ya’qub alayhissalom yoshlik paytlarida akalaridan birining quchog’ida uxlab yotib tush ko’radilar. Tushida har birining qo’lida yo’g’on tayoq bo’lib, u bilan qo’y boqishar, unga suyanar va yirtqich hayvonlarni haydardilar. Yusuf alayhissalomning tayog’i esa ingichka va kichkina ekan. O’sha vaqtda u bolalarning eng kichigi edi. Uyqudan turganida Yusuf dedi: “Ey akalarim, tushimda ko’rgan narsam haqida xabar berayinmi?” Ular xabar ber, dedilar. U: men tushimda tayog’imni yerga sanchib qo’yibman, sizlar tayoqlaringizni uning atrofiga sanchibsizlar, tayog’im kichkina va kaltaligiga qaramay, osmonga bo’y cho’zib shu darajada uzun bo’libdiki, hatto sizlarning yo’g’on va katta tayoqlaringizdan ham uzayibdi. Tayog’im yerga shunday o’rnashibdiki, tomir yoyib tayoqlaringiz ko’porilib sug’urilib tushibdi. Uning atrofida tayoqlaringiz harakatsiz qolibdi, dedilar. Shunda akalaridan biri: bu gapi bilan Yusuf sizlar mening qo’llarim, men sizlarning sayyidingizman, demoqchi shekilli, dedi.
Oradan yetti yil o’tib Yusuf alayhissalom yulduzlar, quyosh va oyni tush ko’rgan va otasiga qarab:
Ey, otajon! Men (tushimda) un bitta yulduz, Quyosh va Oyning menga sajda qilayotgan hollarida ko’rdim deganida, otasi Ya’qub alayhissalom ushbu tushning ta’biri nima ekanini bildi, lekin uni o’g’liga aytmadi. Tushdagi oy - Yusufning otasi, quyosh - onasi va yulduzlar aka - ukalari edi. Shunda Ya’qub alayhissalom Ey, o’g’ilcham! Tushingni birodarlaringga* so’zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi.
(Yusuf surasi, 4-5-oyatlar), dedi.
Muso alayhissalom qissasi
Shuningdek, Muso alayhissalom qissasi ham zikr qilingan. Vahbning aytishicha, Fir’avn qo’rqinchli tush ko’rdi. Tushida Shom tomondan bir olov chiqib, Misr tomonga kelar va duch kelgan narsalarni va qo’rg’onlarni yondirib kelardi. SHunda Fir’avn uyqusidan qo’rqib, titrab uyg’ondi va atrofiga katta jamoatni yig’ib ko’rgan tushini aytib berdi. Ular agar tushing rost bo’lsa, yaqinda Shomdan Ya’qub bolalaridan bir kishi chiqib, Misr va uning ahlini halokati o’shaning qo’lida bo’ladi, dedilar. Shundan so’ng Fir’avn yosh o’g’il go’daklarni so’yishga buyurdi.
Fir’avnning hiylasi foyda bermadi. U Muso alayhissalomni go’daklaridan o’z qaramog’ida tarbiya qilib, voyaga yetkazdi. So’ng Alloh taolo Fir’avnni shu go’dak bilan halok etdi.
Muhammad alayhissalom tushlari
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tushlari haqida Abu Umoma roziyallohu anhu dedi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday deganlarini eshitganman: “Uxlab yotganimda, ikki kishi oldimga kelib, bilagimdan tutdi va meni bir tog’ oldida olib kelib, unga chiq, dedilar. Men chiqa olmayman, dedim. Ular: biz senga tezda yengillatamiz, dedilar. Men toqqa ko’tarila boshladim, hatto tog’ning o’rtasiga yetganimda qattiq ovozni eshitdim. Bu qanday ovozlar, dedim. Ular: bu do’zax ahlining qichqirig’i, deyishdi. So’ng ikkovi meni boshlab ketishdi. Tizza ostidagi paylaridan osib qo’yilgan va og’izlaridan qon oqib turgan kishilar oldidan o’tdik. Bular kim, deb so’radim. Ikkovi: Ular ruxsat berilmasdan oldin og’iz ochgan ro’zador kishilar, deyishdi. Men: Yahudiy va nasroniylar noumid bo’ldi, dedim. So’ng ikkovi meni boshlab ketishdi. Men shishib ketgan va hidlari sasib ketgan qavmni ko’rdim, bu hid hojatxona hidiga o’xshardi. Ular kimlar, dedim. Ikkovi: ular zinikor erkak va zinokor ayollar, deyishdi. So’ng yana ular meni boshlab ketishdi. Yo’lda ikki daryo orasida o’ynab yurgan bolalalrni ko’rdim. Men ular kim dedim. Ikkovi: ular musulmonlarning zurriyotlari, deyishdi. So’ng ikkovi meni boshqa tepalikka olib borishdi. Shunda uch nafar kishining oldidan o’tdik. Men bular kimlar, dedim. Ikkkovi: “Ular Ibrohim, Muso va Iso alayhissalomlar, sizni kutib turishibdi, deyishdi”, dedilar.
Abu Sa’d roziyallohu anhu shunday deydi: “Ilmlarning turlari ko’p bo’lib, ulardan ikki dunyoda foydali ilmlar mavjud. Tushlar haqidagi ilm din va dunyo ilmlarini o’zida jam etgan foydali ilmlardan biridir".
Abu Sa’d roziyallohu anhu aytadi: “Insonning tushlari to’g’ri bo’lishi uchun odobi to’g’ri bo’lishi lozimdir. Bu xususda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Tushi to’g’rilaringiz so’zi to’g’rilaringizdir”, deganlar.
Tush ko'rish odoblari
Tush ko’rish odoblaridan yana biri tozalikka rioya etishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha, U zot har kuni sahobalardan: “Kechasi birortangiz tush ko’rdimi? deb so’radilar. Ular tushlarini aytib berar, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tushlarni ta’bir qilib berardilar. Bir necha kundan so’ng yana so’radilar. Ulardan birortasi tush ko’rganini aytishmadi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tirnoqlaringiz o’sgan holida qanday qilib tush ko’rasizlar”, dedilar.
Tush ko’rish odoblaridan yana biri tahoratli holda uxlashdir. Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi: “Meni Xalilim Nabiy sollallohu alayhi vasallam uch narsaga vasiyat qilganlar, men ularni vafot etgunimcha tark qilmayman: har oydan uch kun ro’za tutish, bomdodning ikki ra’kat sunnatini o’qish va har doim tahorat bilan uxlashdik”.
O’ng tomonga yetib uxlash ham uning odoblaridandir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam har bir narsada o’ng tomonni yaxshi ko’rar edilar. Rivoyat qilinishicha, U zot o’ng tomoniga yotib, o’ng qo’lini o’ng yonog’iga qo’yardilar va bunday derdilar: “Parvardigoro, bandalaringni jam qiladigan kunda meni azobingdan saqlagin!”
Rivoyat qilinishicha: Oisha roziyallohu anhu yotoqlariga borsalar, bunday derdilar: “Parvardigor! men sendan solih, to’g’ri, foydali, esda qoluvchi tushni so’rayman”.
Ba’zi xabarlarga kelishicha, uyquga yotadigan kishi to’shakka yotmoqchi bo’lsa, Parvardigoro, men sendan ehtilom, yomon tush va uyqumda va uyg’oqligimda men bilan shayton o’ynashishidan panoh so’rayman, deyishi sunnatdir.
Tushlar haq va botil degan ikki turga bo’linadi.
Haq tushni kishi o’zi tabiati o’tadil va havo toza bo’lgan paytda ko’radi. Ammo botil va shaytoniy tushlar ta’bir qilinmaydi. Tushida yoqimsiz narsa ko’rgan odam besh xislatga amal qilishi sunnatdir:
- Uxlab yotgan tomonidan boshqa tomonga ag’darilib yotishi.
- Chap tomoniga uch marta tuflashi.
- “A’uzu billahi min ashshaytonir rojiym”ni aytish.
- Tushini hech kimga aytmasligi.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ey Rosululloh! Men uyqumda xafa qiladigan tushlar ko’raman, dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men ham uyqumda xafa, qiladigan tush ko’raman, agar shunday tush ko’rsang, chap tomoningga uch marta tufla va “Allohumma inniy as’aluka xayro hazihir ru’ya va a’uzu bika min sharriha” deb ayt, dedilar”
Ma’nosi: “Allohim, men sendan bu tushlarning yaxshiligini so’rayman va ularning yomonligidan panoh tilayman”.
Tabir qilinmaydigan yomon tushlar
Yana aloq-chaloq tushlar ham botil tushlardir. Kishi tushida go’yoki osmon shiftga aylanib, ustiga tushayotganini ko’rib qo’rqadi. Yer esa aylanayotgan tegirmonga o’xshaydi yoki osmondan daraxtlar o’sib chiqadi va yerdan yulduzlar chiqadi yoki shayton farishtaga, fil esa chumoliga aylanadi. Bunga o’xshash tushlar ta’bir qilinmaydi. Shuningdek, tabiatida tashvishi bor kishining ko’rgan tushi ham, masalan, qiziqqon kishi qizillikni, yumshoq tabiat kishi namlikni, bezgakka chalingan kishi sariq rangni, ruhiy kasal kishi zulmat va qoralikni ko’rishi, harorati baland kishi quyosh, olov va hammomni, sovuqqotgan kishi sovuqlikni va semiz kishining nafsiga og’ir keladigan narsalarni ko’rishi kabi tushlar ham ta’bir qilinmaydi.
Tushlarning eng to'g'risi
Tushlarning eng to’g’risi kunduzi yoki kechaning oxiridagi tushlardir. Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Tushlarning rostrog’i saharlarda ko’rilgan tushlardir”, deganlar va yana bir rivoyatda: “Tushlarning to’g’rirog’i kunduzgi tushlardir, chunki Alloh menga kunduzi vahiy yuboradi”, deganlar.
Ja’far ibn Muhammad: “Eng to’g’ri tush qaylula - peshin vaqtidagi qisqa uyquda ko’rilgan tushdir”, degan.
Tushni kimga aytmaslik kerak?
Abu Sa’d roziyallohu anhu aytadi: “Tush egasi ko’rgan tushini hasadchiga aytmasligi kerak. Zero, Ya’qub alayhissalom Yusuf alayhissalomga: Ey, o’g’ilcham! Tushingni birodarlaringga* so’zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi, (Yusuf surasi, 4-oyat) deganlar.
Tushini johil kishiga ham aytmasligi kerak. Nabiy sollallohu alayhi vasllam: “Tushlaringni faqat do’stga yoki aqlli kishiga aytgin”, deganlar.
Tushiga yolg’on qo’shmaslik lozim. Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim tushi xususida yolg’on aytsa, qiyomat kuni ikkita jun arqon bo’yniga tashlanur”, deganlar.
Yana tushini yosh bola va ayol kishiga aytmasligi afzaldir. Eng yaxshisi tushni yilning va kunduzning boshida aytishdir.
Ta’bir qiluvchiga tegishli bir necha odoblar ham mavjuddir. Ulardan biri tush eshitganida “yaxshi tush ko’ribsiz”, deb tush ko’rgan odamning ko’nglini ko’tarishdir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga biror tush aytib berilsa, tush egasiga “Yaxshilikka yo’liqasiz, yomonlikdan saqlanasiz, u biz uchun yaxshilik va dushmanlarimiz uchun yomonlik bo’ladi. Tushingizni aytib bering. Olamlar Robbi Alloh taologa hamd bo’lsin!” der edilar.
Ta’birchi tushni eng yaxshi ko’rinishida ta’bir qilishi lozim. Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Tushlar ta’bir qilingan narsaning ustiga voqe bo’ladi”, yana bir rivoyatda: “Agar aytib berilmasa, tushlar kishi ustida uchuvchi (qush) kabidir, agar uni aytib berilsa, (yerga) qo’nadi”, deganlar.
Tushlarga ta’birchi yaxshilab quloq solishi va so’rovchiga ham javobni sabr bilan shoshmasdan yaxshilab tushuntiradi.
Ta’birchi tushni tush egasidan yashirmasligi va boshqalarga esa aytmasligi lozim. Chunki u omonatdir.
Shuningdek, ta’birchi tush ko’ruvchilar orasida farq borligini ham unutmasligi lozim. Misol uchun podshoh ko’rgan tushlarni oddiy odamlarning tushlariga qarab ta’bir qilinmaydi. Chunki tushlar tush ko’ruvchining holatiga qarab turlicha bo’ladi. Masalan, qul tushida o’ziniki bo’lmagan narsani ko’rsa, u xo’jayiniga tegishli bo’ladi. Shuningdek, ayol kishi ham o’ziniki bo’lmagan narsani ko’rsa, eriniki bo’ladi. Chunki ayol erkak qovurg’asidan yaratilgan. Yosh bola tushining ta’biri ota-onasiga tegishlidir.
Alloh taolo cheksiz hamdu sanolar Payg’ambarimiz Muhammad sollalloohu alayhi vasallamga durud va salovatlarimiz bo’lsin.
Abdulg’aniy ibn Ismoil ibn Nobulsiy rahmatullohi alayh aytadi:
“Tushlar ta’biri ilmi maqom jihatdan ulug’ ilmardan bo’lib, Anbiyo alayhissalomlar ba’zi tushlarni shariat ahkomlari xususida tushgan vahiy deb hisoblaganlari va payg’ambarlik ketib, kishi tushida ko’radigan yoki unga ko’rinadigan bashorat, ya’ni solih tushlar qolgani bois Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo’lgan hadislarga ko’ra, men tushlar ta’biri xususida har bir kishiga foydalanishi oson bo’lsin deb alifbo tartibida bir kitob yozishni niyat qildim a tush ta’birlarini to’plashga kirishdim.
Ibn G’annom rohimahullohning bu yo’nalishda yozilgan asarini ko’zdan kechirdim. Asar bu sohaga qiziquvchilarning chanqog’ini qondirmaydigan hajman kichkina edi. Shu bois bu sohadagi jiddu-jahdim va urinishimni fazl va ehson sohibi Alloh taolodan so’rab, bu asarni “Tush ta’biri haqida kishlarga (yetkazilgan) yoqimli xabar” deb nomladim. Men bu ishimda qadamlar toyadigan kunda bizga foydali bo’ladigan duoyi xayrni solih kishlardan umid qilaman. Allohning rahmatiga sazovor bo’lgan bu ilmning yetuk egalariga ergashgan holda muqaddima bilan boshladim.
Abdulg’aniy an-Nobulsiy muqaddimasi
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim solih tushlarga iymon keltirmasa, Alloh va oxirat kuniga iymon keltirmabdi”, deganlar.
Oisha roziyallohu anho aytadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiydan avval boshlangan narsa uyqudagi solih tushlar bo’lgan. U zot biror tush ko’rsalar, u xuddi subhning yorug’ligidek ravshan ko’rinar edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha, U zot Abu Bakr Siddiq, roziyallohu anhuga: “Ey Abu Bakr, men tushimda go’yo men va siz ikkimiz bir daraja balandlikka ko’tarilayotgan ekanmiz, men sizdan ikki pog’ona balandda ekanman”, deganlarida Abu Bakr: “Ey Rosululloh! Alloh taolo sizni o’z rahmatiga olsin! Men sizdan keyin ikki yarim yil yashar ekanman”, dedi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhuga: “Tushimda menga qora qo’ylar ergashayotganini va ularga esa oq qo’ylar ergashayotganini ko’rdim”, deganlarida, Abu Bakr roziyallohu anhu: “Sizga arablar ergashadi va arablar ajamliklarni ergashtiradi”, dedi.
Bu tush ilmi olam ibtidosidan buyon avvalgi ilm hisoblanadi. Anbiyo va payg’ambarlar tushida bildirilgan narsaga amal qilganlar. Hatto, ularning nubuvvatlari Alloh taolo tomonidan kelgan vahiy - tush orqali bo’lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kelishlaridan oldingi sharafli ilmlardan biri tush ilmi bo’lgan.
Tushlar uch qismdan iborat
- Birinchisi: Alloh taolo tomonidan bashorat tushlar, hadisda keltirilgan solih tushlar ana shulardir.
- Ikkinchisi: Shaytondan bo’lgan ogohlantirish tushlari.
- Uchinchisi: Kishining o’zi gapirgan narsalardan ko’rgan tushlari.
Shaytondan ogohlantirish ma’nosidagi tushlarga e’tibor berilmaydi. Sahih hadisda kelishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam, tushimda boshim kesilgan emish va men unga ergashib ketayotgan emishman”, deganimda, U Zot: “Shayton sen bilan uyquda o’ynashganini gapirmagin”, dedilar.
Botil tushlar yetti qismdir
- Aloq-chaloq tushlar.
- G’usl vojib qiladigan shahvoniy tushlar.
- Shayton tomonidan ogohlantirish, qo’rqitish va dahshatga solish ma’nosidagi tushlar, bu kishiga zarar qilmaydi.
- Jin va insning sehrgarlari ko’rsatgan narsalar bo’lib, ular ham xuddi shayton bajargan ishlarni amalga oshirishadi.
- Shayton ko’rsatgan botil tushlar bo’lib, bu tush hisoblanmaydi.
- Tabiat va fe’l-atvordan hosil bo’ladigan tushlar, agar u har xil va ranj-alamli bo’lsa.
- Og’riq va bundan hosil bo’lgan tush o’sha paytda yoki yigirma yil o’tgandan keyin ham sohibiga ko’rinadi.
Haq tushlar besh qismdir
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyaga yurish qilganlarida, tushlarida sahobalar bilan Makkaga xavf-xatarsiz kirib, Baytullohni tavof qilgani, qurbonliklarini so’yib, sochini oldirganini tush ko’rdilar. Buni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga xuddi Ibrohim alayhissalomga o’g’lini so’yishi tushida ko’rsatilganidek, Alloh tomonidan tush farishtasi orqali yetkazildi.
Ba’zilarning aytishicha, aniq va yorqin tush ko’rish sharafdir chunki bunday tushni faqat Alloh taoloning o’zi tush farishtasini vosita qilmasdan ko’rsatadi.
- Solih tush xuddi bir yomon narsani Alloh taolo ogohlantirganidek, Alloh taolo tomonidan yuborilgan xushxabar bo’ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan biringiz tushda ko’rgan narsaning eng yaxshisi tushida Robbi yoki Nabiysi yoki musulmonlarni ko’rishidir”. Sahobalar: “Ey, Rosululloh! (sollallohu alayhi vasallam), biror kishi Robbini ham tush ko’radimi”, dedilar. U Zot: “Sultonni tush ko’radi. Sulton Alloh taolodir”, dedilar.
- Siddiq degan tush farishtasi Alloh taolo bildirgan Ummul kitob nusxasiga muvofiq ko’rsatadigan va har bir narsaning hikmatini ilhom qilib berilgan tushlar.
- Biror kishi tushida farishtalardan birini ko’radi va farishta unga: sening xotining senga falon do’sting qo’li bilan zahar ichirishini xohlaydi. Bu hol unga yo’liqishi va do’sti xotini bilan zino qilishi mumkin. Uning bu tushi yashirin bo’lganidek, zino ham yashirin bo’lishiga dalolat qiladi.
- Guvohlik yordamida to’g’ri bo’ladigan tushlar. Chunki shariatda guvohlik tushdan ustun turadi. Misol uchun: kim so’ygani noma’lum bo’lgan go’shtning hukmini tushga asosan harom deyilsa, ammo uning musulmon odam so’yganiga tirik guvoh bor bo’lsa ushbu guvohning so’ziga asosan go’sht halol deyiladi.
Kofir va yosh bolalarning tushlari ham ta’bir qilinadi. Chunki Yusuf alayhissalom qamoqda kofir kishining tushini ta’bir qilgan. Shuningdek, Yusuf alayhissalom yetti yoshga to’lganda tush ko’rgan va u to’g’ri bo’lib chiqqan.
Tush farishtasi haqida
Doniyol alayhissalom: tushlar ilmli bo’yicha vakolatli farishtalarning ismi Siddiq ekani, unig qulog’ining yumshog’idan yelkasigacha bo’lgan joyi yetti yuz yillik masofa ekani aytiladi. U farishta odamlarga Allohning nuri tufayli Lavhul mahfuzdagi g’ayb ilmidan hosil bo’ladigan yaxshi yoki yomon narsalarni tush qilib ko’rsatadi. Bu farishta quyosh kabi nurlidir. Shuningdek, u Allohning nuri bilan sizga har bir narsaning ilmini tanitib to’g’ri yo’lga boshlaydi. Bandani qilgan yoki qilmoqchi bo’lgan gunohdan ogohlantiradi.
Musulmon ta’birchialr: tushlar ruh orqali ko’rilib, aql bilan fahmlanadi va ruhning qarorgohi miya bilan bog’liq qalb o’rtasidagi qon nuqtalaridir. Ruh nafsga bog’liq bo’lib, agar uxlasa, uning ruhi chiroq yoki quyosh kabi cho’zilib, Alloh taoloning nuri va ziyosi unga tush farishtasi ko’rsatgan narsani va nafsiga kelib ketishini quyosh kabi tush ko’rsatadi. Nafs uyg’onishi bilan hissiyotlar (sezgi organlari) o’z faoliyatlariga qaytgan paytda tush aniqlashadi, shunda ruh tush farishtasi unga ko’rsatgan narsani eslaydi va hayoliga keltiradi, deganlar.
Ba’zi ta’birchilarning aytishicha, ruhoniy his jismoniy hisdan ustun turadi. Chunki ruhoniy his endi bo’luchi narsaga, jismoniy ruh esa mavjud narsaga dalolat qiladi.
Tush turlanishi
Bilingki, har bir shaharning tuprog’i boshqasidan suvi, havosi va makoni bilan farq qilganidek ta’birchilar ham turlicha bo’ladi. Shuningdek, kofir va musulmon ahlidan bo’lgan ta’birchilar ta’biri ham iqlim va shaharlariga qarab har xil bo’ladi. Masalan, issiq mamlakatlarda yashovchi kishining tushida qor, muz yoki sovuqni ko’rishi qimmatchilik va qahatchilikka dalolat qiladi.
Loy va balchiq Hind ahli uchun moldir. U boshqalar uchun mehnat va balodir. Ovozli yel chiqarish hindlarda bashorat va xursandchilikdir. U boshqalar uchun esa yomon ma’no beradi. Ba’zi yurtlarda baliq achish va chirish bo’lsa, ba’zisida bittadan to’rttaga qadar uylanishdir. U yahudiylar uchun musibatdir.
Shu narsani ham bilish kerakki, gohida kishi bir narsani o’zi uchun tush ko’rsa, ba’zisi o’sha narsani o’zida ko’radi-yu, u ahli, yaqinlari, tug’ishgani, otasi, o’ziga o’xshash kishisi, otdoshi yoki do’stidan bo’lgan boshqa kishi uchun bo’ladi. Bunga misol Abu Jahl ibn Hishom tushida islom diniga kirib, Rosulloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at qiladi, bu tush uning o’g’li uchun bo’ladi. Ummul Fazl Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig huzurlariga kelib: ey Rosululloh! Men yomon tush ko’rdim, dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilikni ko’rgansan”, dedilar. U: mening qo’ynimga qo’yilibdi, dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qilib, “Yaqinda Fotima o’g’il tug’ar ekan, sen uni qo’yningga olar ekansan”, dedilar. Fotima roziyallohu anho Ali roziyallohu anhudna o’g’il ko’rdilar Ummul Fazl darhaqiqat uni quchog’iga oldi.
Kishining tushi yaxshi bo’lishi uchun tahorat bilan yotishi mustahab bo’ladi. Agar u yaxshi fazilatli, ammo iffatsiz bo’lsa, tush ko’radi-yu, gunohlari ko’p bo’lganidan hech narsani eslay olmaydi.
Ta'birchi shunday deyishi lozimdir
Ta’birchiga tush aytib berilsa, bunday deyishlik lozim: “Yaxshilikni ko’ribsiz, yaxshilikka yo’liqurmiz, yomonlikdan saqlanurmiz, bu tush bizga yaxshilik va dushmanlarimizga yomonlikdir. Tushingizni qissa qilib ayttirgan olamlar Robbiga hamdlar bo’lsin!”
Odamlarga tush aytuvchilarning yashirin holatlarini aytmasligi, savolni to’laligicha eshitishi, ulug’ va oddiy kishilar orasini ajrata bilishi, javob qaytarishda hoshilmasdan xotirjam bo’lishi, tushlarni kim uchun ekanligini bilmasdan turib, ta’bir qilmasligi, har bir jinsni va unga mos narsani ajrata olishi kerak.
Ta’birchi ziyrak, shariat ilmlariga olim va fahsh ishlardan saqlanuvchi bo’lishi kerak. U tushlarni quyosh chiqishi, quyosh botishi va zavol paytlarida ta’bir qilmaydi.
Agar tushlar aytilmasa, kishi ustida uchib yurgan qushga o’xshaydi, agar u aytilsa, pastga tushadi.
Mayit haq diyorda bo’lib, uning tushga kirib aytgan so’zi haqdir. Shuningdek, yolg’on nimaligini bilmaydiganlar yosh bolaning tushi ham, chorvo va boshqa hayvon va qushlarning tushda gapirgan gapi kabi haqdir.
Munajjim va qohin kabi uyg’oqligida yolg’on gapiradigan kishilarning uyqudagi gapi ham yolg’ondir.
Gapirmaydigan jonsiz narsalarning gapi belgi va ajoyibotdir.
Ta’bir qilishning dastlabki uslubi Qur’oni karim va Sunnat bilan ta’bir qilishdir.
Tushda o’zini quduqqa tushganini ko’rgan kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Qudur jabr qiluvchidir”, degan so’zlariga ko’ra unga makr qilinadi. Gohida ta’bir she’r bilan ham bo’ladi. Masalan: kishi tushida boqib yurgan qo’ylariga bo’ri kelib, ularni to’zitib, ba’zisini o’ldirsa, bu hol ba’zi shoirlar so’ziga ko’ra, o’sha joyning podshohi xalqini o’ziga tashlab qo’yadi, natijada ularning ishini dushmanlari boshqaradi.
She’r: Kim bo’ri ko’p joyda qo’y boqsa, Va ulardan g’ofil uxlab qolsa, Uning podasiga bo’rilar boshliq bo’lur.
Ta’birchi uchun ta’bir etishning yana ko’plab uslublari bor. Ta’birchining biliim, mahorati va diyonatiga qarab u ham ziyoda bo’lib boradi. Alloh xohlagan kishini to’g’ri yo’lga hidoyat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Muhammad ibn Sirin, “Tush ta’birnomasi” kitobi. Arabchadan Nodirbek Nabijon o’g’li tarjimasi. Toshken islom universiteti nashriyot - matbaa birlashmasi, 2014.
Muallif: Rahimjon Gaziyev (kompyuter ustasi)
(14 fevral 2023 yil — 09 mart 2023 yil)