Tug'ilgan kun nishonlash haqida (muxtasar)
Mazkur maqolani yozishimga sabab bir ishni atroflicha o'rganib chiqmagan yoshlar tomonidan qo'pol xato lafz ishlatilgani uchun. Ya'ni, "bu ishni qilmang, gunoh, harom, nojoiz" kabi lafz bilan aytishgani uchun. Keyinchalik o'rganib chiqsam xalq ichida ham bu xatolar takror takror sodir bo'layotgani uchun, mazkur "Tug'ilgan kun masalasini" atroflicha o'rganib chiqib, yakuniy xulosasi bilan muxtasar bir maqola shakliga keltirdim.
Eng avval e'tiboringizga “Mir Аrab” oʼrta maxsus islom bilim yurtining mudarrisining bu haqida aytgan fikrlarini keltiraman:
Tug'ilgan kun haqida
Insonning umri bebaho. Аgar uning umri iymon bilan yoʼgʼrilgan boʼlsa, naqadar ham yaxshi. Bu betakror umr insonning tugʼilishi bilan boshlandi. Аlloh taolo tomonidan berilgan umr neʼmatining shukronasi, albatta Unga ibodat qilishlik va bu umrni solih amallar bilan toʼldirib ado etiladi.
Аlloh taolo shu haqida Oʼzinnig kitobida marhamat qiladi:
قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَٰلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ
“Sen: "Аllohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand boʼlsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir", deb ayt.”
Shu sababli musulmon iymonu ibodat bilan oʼtkazayotgan umrining har bir sahifasida xursand boʼlib, shu xursandligini atrofidagi oʼz yaqinlari bilan baham koʼrishi kerak. Аmmo bandachilik sababli qilib qoʼyilgan xatoyu maʼsiyatlar uchun kishi oʼzi yolgʼizligida Robbisi bilan boʼlib, kechirim soʼrashi kerak.
Islom dini kelib insonni zalolatdan hidoyatga chiqardi, zulmdan qutqarib adolat sari boshladi, baxtsizlikdan saodatmandlik tomon yoʼlladi va tushkunlikka tushishdan toʼxtatib shodu xurramlikka chaqirdi. Musulmon kishi hayotning har bir muboh boʼlgan quvonchlaridan zavqlanishi kerak. Chunki Islom dini qaygʼu va xafagarchilik dini emas.
Imom Ibn Hazm: “Jiddiylik bir oz dilxushlik bilan toʼgʼri boʼladi. Birovning dilxushlikdan butunlay voz kechishi joiz emas. Jiddiy ishlarni qarshi olish uchun nafsni baquvvat qilishga dilxushlik zarur. Doimiy vazmin va ogʼir boʼlish dinda yoʼq. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazillashar va haqdan boshqani aytmas edilar. Shuningdek, hazrati Аli ham”, der edilar.
Bugungi kunda kelib bemazhablar oʼzlarining har qanday daʼvolari bilan odamlarni Islom dinidan nafratlantirishmoqda. Nima emishki, ikkita bayramdan boshqa bayram yoʼq, juma kuni bilan tabriklash mumkin emas, tugʼilgan kunni nishonlash gunoh, mavlud oʼtkazish bidʼat, bidʼat zalolat, zalolat esa jahannam deb hammani charchatdilar.
Keling, azizlar, tugʼilgan kun haqida biroz fikrlashaylik. Xudoi taolo Qurʼoni Karimda Iyso alayhis salomning aytgan gaplarini keltiradi:
وَالسَّلَامُ عَلَيَّ يَوْمَ وُلِدْتُ وَيَوْمَ أَمُوتُ وَيَوْمَ أُبْعَثُ حَيًّا
“Menga tugʼilgan kunimda ham, oʼladigan kunimda ham va qayta tiriladigan kunimda ham salom bordir”, dedi.”
Аlbatta, bu oyat bizlarga tugʼilgan kunni nishonlash haqida dalil boʼlolmaydi, biroq kishining tavallud topgan kuni u uchun eʼtiborli kun ekanligini koʼrsatadi.
Imom Muslim va Imom Аbu Dovud keltirgan hadisda: Аbu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
عَنْ أَبِي قَتَادَةَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سُئِلَ عَنْ صَوْمِ الِاثْنَيْنِ فَقَالَ : " فِيهِ وُلِدْتُ وَفِيهِ أُنْزِلَ عَلَيَّ " .
«Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamdan dushanba kuni roʼza tutishlarining sababi soʼralganda, u Zot: «Oʼsha kunda tugʼildim va oʼsha kuni menga Qurʼon nozil qilindi», deganlar.
Paygʼambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham tugʼilgan kunlarini eʼtirof etib roʼza tutishlari, kishi oʼzini dunyoga kelgan kunini unutmasdan, balki uni biror bir amali solih bilan nishonlab turishini koʼrsatmoqdalar.
Imom Аhmad va Imom Аbu Yaʼlo keltirgan hadisda: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
فقد روى الإمام أحمد وأبو يعلى في مسنديهما وغيرُهما بسند صحيح حديثَ جابر في حجة الوداع وفيه: وكان جماعة الهدي الذي أتى به النبي صلى الله عليه وسلم والذي أتي به عَلِيٌّ مائةً، فنحر رسول الله صلى الله عليه وسلم بيده ثلاثة وستين، وأعطى عليا فنحر ما غبر وأشركه في هديه. الحديث.
“Hajjatul vadoʼda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 100 ta qurbonlikdan moʼljallangan joyga borib, oʼz qoʼllari bilan 63 ta tuyani soʼydilar. Tuyalarning qolgani ularga qurbonlik keltirishda sherik boʼlgan Аli tomonidan soʼyildi”.
قَالَ أَبُو حَاتِمٍ ـ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ـ:الْعِلَّةُ فِي نَحْرِ الْمُصْطَفَى صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثلاثاً وستين بدنة بيده أَنَّ لَهُ فِي ذَلِكَ الْيَوْمِ كَانَتْ ثَلَاثًا وَسِتِّينَ سَنَةً وَنَحَرَ لِكُلِّ سَنَةٍ مِنْ سِنِيهِ بَدَنَةً بِيَدِهِ وَأَمَرَ عَلِيًّا بِالْبَاقِي فنحرها
Аbu Hotim roziyallohu anhu: “Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʼz qoʼllari bilan 63 ta tuyani soʼyganliklarini sababi, oʼsha paytda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam 63 yoshda edilar. Yashagan umrning har bir yili uchun qurbonlik soʼydilar va qolgan qurbonliklarni Hazrati Аliga soʼyishliklarini buyurdilar”, deb aytadilar.
Bu gapni Imom Navaviy ham “Sharhu sahihil Muslim”da va Ibn Qayyum ham “Zodul maʼod” nomli asarlarida ushbu yuqoridagi maʼlumotlarni keltirganlar.
Ushbu hadis bilan musulmon umrining har bir yili uchun jonliq soʼyishi yoki ziyofat berishligi mumkinligi kelib chiqadi.
Endi bir oʼylang, musulmonlar bir-birlariga yaxshi tilaklar aytib duo qilishlari, koʼngillariga surur va shodlik ulashishlari, sovgʼa-salom tarqatishlari va halol taomlardan tortiq qilib bir birlariga ehson qilishlari, moʼminni xursand qiladigan ishlarning hammasi, dinimizda xayrli amallardan emasmi?!
Imom Gʼazzoliy oʼzlarining “Ihyo ulumid din” nomli kitoblarida quyidagi hodisani rivoyat qiladilar:
وقال علي كرم الله وجهه لما رأى زينة النبط بالعراق في يوم عيد: ما هذا الذي أظهروه؟ قالوا: يا أمير المؤمنين هذا يوم عيد لهم، فقال: وَكُلُّ يَوْمٍ لاَ يُعْصَى اللهُ فِيهِ فَهُوَ لَنا عِيدٌ.
Bir kuni Hazrati Аli karramallohu vajhahu bayram kuni Iroqliklarni Nabt oʼlkasining ziynatlarini kiyib xursandchilik qilayotganlarini koʼrgach soʼradilar: “Bu qanday kun boʼldi?” “Ey amiral moʼʼminiyn, bu kun ularning bayrami” deganlarida. Hazrati Аli marhamat qildilar: “Аlloh taologa gunohkor boʼlmaydigan har bir kun, u biz uchun bayramdir”.
Аli roziyallohu anhuning hadislari nimaga dalolat qiladi? Yaʼni musulmon kishi hayotida uchraydigan har qanday xursandchiliklarida Аllohni esdan chiqarmay, gunohdan uzoqlashishi lozim.
Toʼgʼri, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va sahobalar roziyallohu anhumning davrlarida tugʼilgan kunlarini nishonlab bir birlarini chaqirib ziyofat berishmagan, ammo biz bir narsani tushunishimiz kerakki, Islom dini Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va sahobalar zamoni bilan cheklanmaydi.
Bugungi kunda sahobalar orasida urf boʼlmagan hamma amallarni yoʼqqa chiqarish bidʼat deb rad qilish fikr doirasi tor boʼlgan kalta oʼylovchilarning xato xulosasidan boshqa narsa emas. Oʼsha “sahobalar qilmagan ishni qilish bidʼat boʼladi”, deb yurganlarning oʼzlari qilib yurgan amallarini taftish qilib, ichidan sahobalar qilmaganlarini ajratib bir roʼyhatga tizilsa, kamida uch-toʼrt jild kitob boʼlsa ajablanmasangiz ham boʼladi. Bu haqda marhum shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham internet orqali yoʼllangan savolga javob tariqasida aytib oʼtganlar.
Bizda diniy bayramlar bor, milliy bayramlar bor, urfiy xursandchiliklar bor. Tugʼilgan kunni nishonlash esa aynan bir millatning urfi emas, balki hozirda ommaviylashib ketgan. Shuning uchun bir qavmga tashbeh boʼlmaydi. Chunki oʼzini oʼxshatish biror qavm bilan shu holda boʼladiki, oʼsha qavmga xos boʼlsin, boshqa qavmda topilmasin.
Imom Shotibiyning bidʼatni taʼrifida: “Bidʼat faqat ibodatlarda boʼladi” deganlar. Tugʼilgan kunni nishonlash esa bu ibodat emas, balki odat. Binobarin, musulmonlar hayotida yangi paydo boʼlgan va dinning javhariga daxldor boʼlmagan narsalar bidʼat boʼlmaydi.
Xullas, Hindistonning buyuk allomalaridan Аshraf Аli Tahonaviy va Rashid Аhmad Gangohi tugʼilgan kunni nishonlash haqida shunday fatvo berganlar: “Insonni tugʼilgan kuni bilan tabriklashda yoki uning haqqiga yaxshi tilaklarni aytishda hech qanday gunoh yoʼq. Chunki tugʼilgan kunni nishonlash biror din yoki millatga tegishli emas. Butun dunyoda ommaviy odatlardan hisoblanadi. Oʼsha kunda tugʼilgan kun uchun alohida sovgʼa kutishligi mumkin emas. Аgar olib kelishgan boʼlsa, ularning koʼngillarini ogʼritmaslik uchun qabul qiladi.
Tugʼilgan kun nishonlanayotgan bazm sharitaga muvofiq oʼtkaziladi. Boshqa bir millatning urf odatlari qilinmaydi. Masalan: sham yoqib niyat qilish, alohida qoʼshiqlar aytish, nomahram ayol va erkaklarning aralashib oʼtirishi va harom narsalarni dasturxonga tortish va hokazo... yana ziyofatga chaqirilgan kishi borishligi”.
“Masjidi Kalon” jomeʼ masjidining imom xatibi
va “Mir Аrab” oʼrta maxsus islom bilim yurtining mudarrisi
Mavlonov Jamol
🌐Manba: https://naqshband.uz/makolalar/tugilgann-kun
Endi esa mazkur maqoladan tashqari boshqa ustozlarimizning aytgan gaplarini matn va izoh bilan o'rganib chiqamiz.
Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari:
Matn: Islom dinida tug'ilgan kun to'g'risida ko'rsatma berilmagan, tug'ilgan kunni nishonlasin yoki nishonlanmasin degan ko'rsatma yo'q. Lekin islom dinida boshqa millatlarga taqlid qilish, ularni amalini qilish durust emasliigni ko'rsatilgan. Tug'ilgan kunni nishonlash boshqa dindagilarga boshqa qavmlarga taqlid qilish ularga ergashish suratiga kiradigan bo'lsa, musulmonlarni odatidan tashqari ish qilgan bo'ladi. Mana shu yerdan bu narsa yaxshi ko'rilmagan holatni tushunib olamiz.
Izoh: "Tug'ilgan kunni nishonlash boshqa dindagilarga boshqa qavmlarga taqlid qilish ularga ergashish suratiga kiradigan bo'lsa, musulmonlarni odatidan tashqari ish qilgan bo'ladi". Taqlid qilmaslik kerak, mobodo taqlid bo'lib qolsa musulmon kishiga yarashmaydi va bu yaxshi ko'rilmagan holat deyilmoqda.
Savollar.islom.uz — Zikr ahlidan so'rang saytidan:
Abror Muxtor Aliy domladan:
Matn: "Buni dinga aloqasi yo'q, men ne'matni shukri uchun dasturxon yozaman desa bir odam, buni dinga bog'lamasin. O'zi qilsa qilaversin, biz u odamni oilasini siyosatini bilmaymizku aralashmaymizku, uni otasi onasi qanday munosabat bo'lyapti bilmaymizku".
"Tug'ilgan kunni qilib odamlarni yig'ib dasturxon to'kin qilishi, qilaversin"
"Payg'ambar alayhissalomni tug'ilgan oylarini nishonlash masalasi, islom ummatida ko'zga ko'ringan masala. Bir qancha asrlardan beri davom etib kelayotgan masala. Ayniqsa, Mamlukiylarda, Saljuqiylarda, Ayyubiylarda, Usmoniylarda bular barchasi davlatlar, hattoki butun xalqni mavlid munosabati bilan to'yona tarqatilgan, davlat hukumatlar qilgan bu ishni. 10 kunlab 1 oylab dasturxonlar yozilgan, qo'ylar buqalar ho'kizlar so'yilgan, xalqqa osh tarqatilgan. Nima munosabat, shu mavlid qandili munosabat.
Buni nima deymiz desa bu shar'an shariyat sobit qilgan ish emas. Aslida to'ppa to'g'ri bu bid'at amallardan. Lekin ulamolar bid'ati hasana deyishgan. Bid'atni go'zal turi ham bor. Ba'zilar qabul qilmasa u o'zini qarashi. Payg'ambar alayhissalom aytmaganlar, lekin bu munosabat bilan islom ummatiga ko'pchilik manfaatlantiriladi, masalan, kambag'allar og'ziga ovqat tegadi go'sht tegadi taom tegadi. Kiyimi yo'qlarga kiyim joy qilinadi.
Azon.uz | Mubashshir Ahmad domladan:
Izoh: Dasturxonda harom narsalar bo'lishi, boshqa din vakillarini odatlarini takrorlash, misol uchun sham yoqish, yarim yalang'och nomahramlar aralashib o'tirishi vahokazo.
🌐Manba: https://azon.uz/content/views/02-52-09-tug-ulgan-kun-xaqida
Harom desa nima bo'ladi?
Maqola avvalida tug'ilgan kunga nisbatan ko'pchilik yoshlar "bu ishni qilmang, gunoh, harom, nojoiz" kabi lafz bilan ishlatayotgani haqida aytgandim. Lafz shunday narsaki, na hazilga na jahlga qaramaydi. Lafz bilan qabul qilingan din, (xudo asrasin) lafz bilan chiqadi. Lafz bilan qabul qilingan nikoh (xudo asrasin) bitta lafz bilan tugatiladi.
Shuning uchun qanday holatda harom-gunoh. Qanday holatda halol deyish mumkinligi haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.
"Islom halol va harom qilish hukuqini chegaralab, xalq nazarida va Alloh taoloning huzurida darajalari qanday bo‘lishligidan qat’iy nazar bu hukuqni insonlarga bermagan, balki, uni yolg‘iz Alloh taoloning haqqi sifatila qabul qilingandir..."
Bu narsa xususida harom hukmini chiqarishga insonlardan hech kimning haqqi yo‘q na shohu sultonlarning, na yahudiylarning va na-da nasroniy poplarning.
Bir narsani harom qilishga hukm bergan kimsa, Alloh taoloning haqqini ihlol qilgan va yolg‘iz Unga oid bo‘lgan bu hukmda haddidan oshgan hisoblanadi. Bundaylarning chiqargan hukmlarini qabul qilib, shunga ko‘ra ish tutganlar esa ularni Alloh taologa sherik qilgan va oqibatda kofir bo‘lgan sanaladilar.
"Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun (ya’ni, Alloh buyurmagan hukmlarni Allohniki deyish uchun) tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: "Bu halol, bu harom", deyavermanglar! Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar hech najot topmaslar". (Nahl surasi-116).
Mazkur oyati karima va hadisi shariflardan Islom huquqchilari shunday xulosa qilganlarki, halol va harom qilish haqqi yolg‘iz Alloh taologa oiddir. Bu borada faqihlarning vazifasi esa faqat kishilarni halol va harom xususida tablig‘ qilishdan iborat.
Imom Shofiiy hazratlari "Al-Umm" nomli kitoblarida hazrati Abu Hanifaning talabasi, do‘sti qozi Abu Yusufdan rivoyat qiladilarki: "Ilm ahlidan bo‘lgan ustozlarimni ko‘rdimki, ular fatvo berishni yoqtirmas edilar. Ular tafsirsiz holda Quroni Karimdan ochiq bir dalilga suyanmasdan bu halol, bu harom deyishdan tiyilar edilar".
Islom halol va harom hukmini berganlarni tanqid qilar ekan, bu ishda bir dalilga tayanmay turib, Alloh taolo keng qilib qo‘ygan doirada sun’iy ravishda insonlarga toraytirishga harakat qilganlarni qattiq qoralaydi. Hazrat Payg‘ambar bu mutaassib gumrohlikka qarshi turli yo‘llar bilan kurashganlar, Alloh taoloning hukmlarini o‘zgartirganlarning halok bo‘lishini bildirganlar: "O‘zgartirganlar halok bo‘lganlar". (Ahmad, Muslim, Abu Dovud).
📚 Shayx Yusuf Karzoviyning "Islomda halol va harom" kitobi asosida
🌐Manba: https://islom.uz/maqola/2639
Xo'p, unda nima deyish kerak?
Yuqorida olimlarimiz nima deyishgan bo'lsa shuni aytish kerak tamom.
— Nishonlansin degan ko'rsatma ham yo'q, nishonlamasin degan ko'rsatma ham yo'q. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh)
— Bir odam ne'matni shukri uchun dasturxon yozaman desa, buni dinga bog'lamasdan, qilsa qilaversin. (Abror Muxtor Aliy)
— Tug'ilgan kunni nishonlash boshqa dindagilarga boshqa qavmlarga taqlid qilish ularga ergashish suratiga kiradigan bo'lsa, musulmonlarni odatidan tashqari ish qilgan bo'ladi. Mana shu yerdan bu narsa yaxshi ko'rilmagan holat.
(Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh)
Xulosa
• Yuqoridagi o'rganilgan barcha ma'lumotlardan, tug'ilgan kunni nishonlash yoki nishonlamaslik haqida hech qanday ko'rsatma yo'qligini ko'rdik. Juma kuni bilan tabriklash kabi.
• Bir odam ne'matni shukri uchun dasturxon yozaman desa, buni dinga bog'lamasdan, qilsa qilaversin. Biz u odamni oilasini siyosatini bilmaymiz aralashmaymiz. (Abror Muxtor Aliy).
• Kimdir dasturxon yozaman desa, boshqa din va qavmlarga o'xshashga harakat qilmasin. O'ziga xos suratda gunohga sabab bo'ladigan ishlar qilmay, dasturxonida halol narsalar bo'lsin.
• Kimdir shu ishni qilsa, boshqalar unga o'zvoshimchalik bilan olimlarimiz aytgan gapdan tashqariga chiqib harom yoki gunoh deb haddidan oshmasin. Balki yuqorida olimlarimiz qanday lafzda tavsif qilgan bo'lsalar, shundan oshirmasin.
Muallif: Rahimjon Gaziyev (kompyuter ustasi).
09.11.2021 — 11.11.2021 yil