Maqolalar
February 12, 2023

Qarz haqida (muxtasar)

Alhamdulillah, vassolatu vassalamu a'la Rosulillah. Bismillah.

Bandalarni qarzi hasana berishga undagan Alloh taloga U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo’lsin!

Qarz muomalasini go’zal ravishda olib borishni o’rgatgan zot, Alloh taoloning oxirgi nabiysi Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo’lsin!

Qarz berishning fazilati

Qarz berish bandani Аlloh taologa yaqin qiladigan amallardandir, chunki unda odamlarga rahm-shafqat qilish, ularning ishlariga yengillik berish, gʼamlarini aritish bor.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Kim bir musulmonning dunyodagi gʼamlaridan birini aritsa, Аlloh uning Qiyomatdagi gʼamlaridan birini aritadi. Kim qiynalib qolgan kishiga yengillik qilsa, Аlloh dunyo-yu oxiratda unga yengillik qiladi. Modomiki banda birodarining koʼmagida boʼlar ekan, Аlloh uning koʼmakchisi boʼladi». (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Har bir (berilgan) qarz sadaqadir», deganlar.
Tobaroniy rivoyat qilgan.

* * *

Qarz berish sadaqadan afzaldir

Birovga qarz berish sadaqa berishdan afzaldir.

Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Bir kishining muhtojga qarz berishi sadaqa berishidan o‘n sakkiz daraja afzalroqdir». (Hadis)

Ya'ni, qarz berish 18 barobar ustunligi aytildi. Demak qarz berganga 18 ta ajr, sadaqa qilganga 1 ta ajr ekan. Chunki ehson muhtojga ham muhtoj bo’lmaganga ham beriladi. Lekin qarz faqat muhtoj insonga beriladi.

* * *

Qarz ta’rifi

Qarz bu bitim, yordam, yaxshilik, xavf, qo’rquv, ma’suliyat va savobdir.

Qarz bu — Misliy narsani berib, evaziga o’sha misliy narsani o’sha mislicha (miqdorda) qaytarib olishlik.

Misliy deganda — kilo, litr va metrlab o’lchanadigan mollar hamda donalari qiymatda bir-biridan farq qilmaydigan narsalarga aytiladi. Ya’ni misliy narsa qiymatida ham bir-biridan farq qilmasligi kerak.

Xulosa: “Qarzga faqat misliy narsalar beriladi”.

* * *

Dayn ta’rifi

Dayn bu — Kishini ado qilishligi zimmasiga vojib bo’lgan haqlarga dayn deyiladi.

Masalan bir yigit uylandi va uylanishligi bilan bo’yniga mahr vojib bo’ladi, mana shu narsa qarz deyilmaydi balki dayn bo’ladi. Ya’ni ma’lum bo’lgan mahrni ado qilishligi zimmasiga vojib bo’ldi.

Dayn ta’rifidan kelib chiqadiki, qarz ham aslida dayn so’zini ostiga kirib ketuvchi bo’lim hisoblanadi. Ya’ni zimmasiga vojib bo’ladigan ishlardan yana bir turi qarz oldi berdilari ham dayn hisoblanadi.

Demak tushungan bo’lsak dayn o’ta umumiy so’z, shuning uchun mazkur muxtasar asarda faqat qarz masalasini yoritib berishga harakat qilamiz.

* * *

Oriyat bilan qarzning farqi

Oriyat — bir kishi o’zining hayvoni, kiyimi, idishi va shunga o’xshash narsalarini boshqa kishiga vaqtincha foydalanishi uchun berib turishidir.

Oriyatga olingan narsaning o’zi yana egasiga qaytarib berilishi shart.

Bizda buni ham qarz deb atash odat bo’lgan. Lekin bu ikki narsa orasida farq bor. Qarzga olingan narsaning o’zi ishlatib yuborilib, o’rniga uning badali qaytarib beriladi. Oriyatga olingan narsadan vaqtincha foydalanib bo’lgach, uning o’zi egasiga qaytarib beriladi.

* * *

Qarzga berib bo’lmaydigan narsalar

Qiyamiya narsalar — donalari qiymatda bir-biridan farq qiladigan mollarga qiyamiy deyiladi.

Masalan barcha jonzotlar qiyamiy bo’ladi, chunki biri yo’qolib qolsa, ayni shunga o’xshashini topib bo’lmaydi. Lekin konveyr tarzda (bir xil, ko’p sonli) ishlab chiqariladigan narsalar misliy bo’ladi. Masalan ruchka, televizor, idishlar vahokazo.

Qiyamiy narsalarga sifat ya’ni yangi eskilik ham kiradi. Masalan bir odam menga eski mashinangni berib tursang, o’rniga yangisini qaytaraman deyishi ribo hisoblanadi.

Xulosa, Qiyamiy narsalarni qarzga berish durust boʼlmaydi. Ularning jussasi, shakli bir-biridan farq qilgani uchun qiymatlari orasida ham tafovut boʼladi.

* * *

Qarz olgan kishining niyati

Qarz olgan kishi boshdan qaytarishni niyat qilishi shartdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
”Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, Alloh undan (yordam ila) ado etadi. Kim yo’q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo’q qiladi”, dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

* * *

Qarz beruvchining niyati

Qarz berayotganda, "meni ham boshimga shunday kunlar tushsa menga ham qarz berib qolar", deb niyat qilib qarz berishlik mutlaqo nojoiz. Birinchidan solih amalga shart qo'yilmaydi, u holda yaxshiligi qolmaydi. Ikkinchidan bu holatda qarz berayotgan odam o'z boshiga baloni so'rab olayotgan bo'ladi, ya'ni boshiga o'sha (qarz so'raydigan) kunlarni Alloh taolodan so'rab oladi.

To'g'ri niyat:
Allohni roziligini umid qilib qarz beryapman, sizdan biron nima (foyda) qaytishini ham kutmayman, rahmat deyishizi ham kutmayman deb niyat qilayotgan bo'lsa, yaxshi niyat bo'ladi inshaAlloh.

* * *

Haqdor kishining odobi

Qarz so‘ragan kishining qiyin holini o‘ylab, uni hijolat qilmaslik, ranjitmaslik kerak. Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

"Qarz olib, qarz berish ishini yaxshilik bilan bajaringiz. Agar taraflardan birini ranjitsangiz, xafa qilsangiz katta gunoh orttirgan bo‘lasiz!"

* * *

Qarzni yozish haqida

“Kichik boʼlsa ham, katta boʼlsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang!” (Baqara surasi, 282-oyat)

* * *

Qarz beruvchi quyidagilarni shart qilishi nojoizdir

Qarz beruvchi qarz berishda biror manfaatni – foydani shart qilishi mumkin emas.

Faqihlar: "Har bir qarz qarz beruvchiga manfaat keltirsa, bas, u haromdir", deganlar.
Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ham alohida hadisi shariflari mavjud.

Fiqhiy manbalarda manfaatlarni quyidagicha sanab oʼtilgan:

  1. Qarz beruvchi berayotgan narsasini koʼproq qilib qaytarishini shart qilishi harom. Masalan: 10 dinorni 12 dinor qilib qaytarish. Ortiqcha ikki dinor qarz ribosi boʼladi.
  2. Qarz beruvchi barayotgan narsasini yaxshiroq-sifatliroq qilib qaytarishni shart qilishi harom. Masalan: past navli mahsulotni qarz berib, oliy nav qaytarishni shart qilish harom. Molning oliy navga oʼzgarishi qarz ribosi boʼladi.
  3. Qarz berishda biron-bir xizmatni shart qilish harom. Masalan: falon ishimni bepul qilib berasiz yoki falon molimni sotib olasiz va hokazo. Tekinga qildirilgan mehnat manfaati yoki majburan amalgan oshirilgan savdo foydasi qarz ribosi boʼladi.
  4. Qarz beruvchi berayotgan qarzni maʼlum bir makonda qaytarishni shart qilishi harom. Masalan: Rossiyada qarz berib turib, Oʼzbekistonda qaytarasiz, deb shart qoʼyishi harom. Yoʼldagi molga boʼlgan xavf-xatardan qutulib qolish manfaati qarz beruvchiga qarz ribosi boʼladi.

Fiqhiy kitoblarda qarz ribosiga kiruvchi manfaatlar bayonida yuqorida sanab oʼtilgan manfaatlarning ribo ekani taʼkidlangan. Shuningdek, ularning toʼrt mazhablararo bil-ittifoq harom ekani aytilgan.

* * *

Yeb ichiladigan narsalarni qarzga berish

Masalan, nonni donalab qarzga olib, donalab qarzga berish haqida.

Odatda yeb-ichiladigan narsalarda qarz oluvchi va beruvchilar foydalanib qolishni, yaʼni sudxoʼrlikni maqsad qilishmaydi, balki vaqtinchalik ehtiyojni qondirish iroda qilinadi. Shuning uchun qoʼshnilar oʼrtasidagi non, tuz va hokazolarning kundalik oldi-berdisida hech qanday zarar yoʼq.

Muoz ibni Jabal roziallohu anhudan qarzga non olish toʼgʼrisida soʼrashdi. U shunday dedi: "Subhanalloh, bu makorimul axloqdan-ku! Kattasini olib, kichigini beraver, kichigini olib, kattasini beraver. Sizlarning yaxshilaringiz – berayotganda yaxshisini beradiganingizdir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitganman".

Аbu Bakr Varroq ushbu hadisni oʼzining "Аsh-Shofiʼiy" kitobida keltirgan. Ibn Qudomaning «Аl-Mugʼniy» kitobi, 6-jild, 445-bet.

* * *

Qarzning 3 darajasi

Biz hayot kechirar ekanmiz turli xil vaziyatlarga tushishimiz mumkin.

  1. Zarurat qarz
  2. Ehtiyoj qarz
  3. Kamolot (orzu-havas) qarz

Zarurat qarz

Zaruriy narsalar, muhtoj narsalar. Usiz hayot kechmaydigan narsalar bor. Masalan yopiq makon, avratni berkitadigan kiyim yoki yemasa o’ladigan holatga keldi shunga o'xshash vaziyatlar zarurat bo'ladi.

Bu holatda qarz so'rashlik ham qarz berishlik ham vojib bo'ladi. Zarurat o'rinda qarz so'ragan kishiga, imkoniyati bor kishi qarz bermasa gunohkor bo'ladi.

Ehtiyoj qarz

Zarurat emas ehtiyojlar bor, masalan 1 ta ko’ylak emas-u ikkinchi ko’ylak kerak bo’lyapti. Yoki oddiy non emas yog’li non yemoqchi, bular extiyoj holatlar. Chunki avratini berkitadigan 1 ta ko'ylagi bor, ammo yuvib qo'ysa ko'chaga boshqasini kiyib chiqadigan ikkinchi ko'ylagi yo'q, buni ehtiyoj deyish mumkin.

Bu holatda qarz so’rasa ixtiyoriy, xohlasa bersin xohlamasa bermasin. Ammo bersa ajr oladi, bermasa gunohkor bo’lmaydi.

Yana bir holat, ochlikdan o’lmaydi, biron bir a’zosiga talofat yetadigan holat ham emas, lekin busiz muqolibi yo’q. Qarz olmasa boshqa yechim topilmayapti. Masalan Rosululloh alayhissalom jang holatida (paytida) qarz olganlar. Sahobalardan qarzga narsa olib keyinchalik shu qarzlarini uzganlar. Lekin bu ham ehtiyojga kiradi.

Oila zimmasiga vojib, nafaqa zimmasiga vojib, bu ham ehtiyoj darajasi. Chunki nafaqani qilish vojib.

Kamolot qarz (orzu-havas)

lekin kamoliyot uchun qarz so’rasa, unga qarz berilmaydi masalan telefon unga ehtiyoj bo'lib turgandi, o’zini telefoni bor, lekin yangi modeldagisini olmoqchi bu kamoliyot qarzga kiradi. Bunga qarz bersa, qarz olgan odam qaytarmasa, kamoliyot qarz bo'lgani uchun qoziyot o’rtaga turib bermaydi. Ya'ni haqqi undirib berilmaydi, shuning uchun qarz beruvchi ham qarz oluvchi ham bularga e’tibor berishi kerak.

Masalan hatto Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hatto ehtiyoj darajasiga yetganda zirhlarini garovga qo’ydilar. Xulosa kelib chiqadi, qarz olganda imkon qadar sotib to’laydigan narsasi bo’lsin.

Kamoliyotga (hoyi-havasga) qarz olish joiz emas

* * *

Makruh qarz

Behuda narsalarga sarflashligi aniq bo’ladigan odam bo’lsa, u insonga qarz berish makruh hisoblanadi. Beruvchi makruh amalni bajargan inson hisoblanadi.

Harom qarz

Bir odam o’sha qarzni gunohga ma’siyatga ishlatmoqchi bo’lsa, masalan odamlar to’yga katta katta qarzlar olib ochiq oydin isrof qilish holatlari, kerakli keraksiz narsalarni sep qilish, masalan qilgan rasm rusm urf-odatlari tag pugi bilan befoyda bo'lsa. Shu kabi isrof (harom) o’rinlarga ishlatishligi uchun qarz so’rab kelsa, bu holatda qarz berish harom amal hisoblanadi.

Bu holatda oluvchini ishi haromligi haqida gap ketmayapti, beruvchini o’zini amali harom hisoblanadi. Chunki bu holatda o’sha gunoh ishga qarz berish, gunoh amal hisoblanadi.

Qarz berilmaydigan holat

Endi bir odam qarz olmoqchi, lekin uni holati ma’lum bo’lib turibdi qaytara olmaydi, bunday holatda unga qarz berishlik uni yanayam battar chuqurga botiradi, bunday holatda haligi odam hafa bo’lsa ham "men sizga qarz berolmayman, lekin faloncha pulni shundoq hadya berishim mumkin, undan ortig’ini qarz berolmayman", deyishlik afzal bo’ladi.

Oxiratda bu odam albatta xursand bo’ladi, chunki bu qarz uni yanayam chuqurroqqa tushirishi mumkin edi.

Biznes uchun qarz olish

Biznes egasi biznesi cho’kayotgan payti qarzga shoshilishi durust bo’lmaydi. Chunki birinchidan bunday vaziyatda insonni aqli yaxshi ishlamay qoladi, ya’ni yaxshi tadbirli bo’lolmay qoladi. Ikkinchidan biznes yumushlariga qarz olishini o’zi durust emas.

* * *

Uch holatda qarz olmoq uchun murojaat qilsa bo'ladi

  1. Xastalik va boshqa sabablar bilan ishlab foyda topolmay qolganda, muhim ehtiyoj chiqqanda shunga yarasha olmoq.
  2. Ro‘zg‘or, oila kamchiligini butlamoq uchun.
  3. Uylanmoq uchun yetarli tayyorgarlik ko‘rilmagan holda.

Bu uch holatda Alloh qulning vakili va yordamchisi bo‘ladi.
Bunday kishiga Alloh yordam va’da qilgan.

"Ey farzand!" kitobidan

* * *

Qarzga ziyoda qilishning joiz holati

Nabiy sollallohu alayhi vasallam urgʼochi tuyani qarzga olib, evaziga yaxshi erkak tuya berganlar va "Odamlarning yaxshisi qarzini chiroyli tarzda ado qiluvchisidir", deganlar.

Jobir ibn Аbdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mendan qarzlari bor edi. U zot menga haqqimni qaytarib, ziyoda ham qilib berdilar". Buxoriy rivoyat qilgan.

Xulosa, qarz oldi-berdisida manfaat shart qilinmasdan, keyinchalik qarz oluvchi oʼz ixtiyori bilan ortiqcha mol qoʼshib qaytarsa, buning qarz beruvchiga ziyoni yoʼq, ribo ham, gunoh ham emas, muboh deyilgan.

* * *

Qarzda pulning qadri tushish masalasi

Ma’lum muddatga moliyaviy muomala shartnomasini tuzayotganlar odatda narxi kam o’zgaradigan iste’mol mollaridan birining qiymatiga kelishib olishlari mumkin.

Bunday narsalarga go’shtning narxi misol bo’ladi. Ma’lum muddatni belgilab qarz berilayotganda, yoki nasiyaga narsa sotilayotganda, mahr belgilanayotganda, uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilayotganda va bularni ado qilish paytida go’shtning narxiga qarab qaytarishga kelishib olinadi.
(Doktor Aliy Muhyiddin Qoradog’iy. Qarz va unga bog’liq masalalar kitobidan)

Savol:

”Koʼpincha savdogarlar nasiyaga mol sotadilar. Oradan sal oʼtgach esa tayin qilingan pullarning qiymati tushib ketadi. Shunda ular qarzning qiymatini boshqa narsa bilan, masalan, tilla yoki valyuta bilan narxlab qoʼymoqchi boʼladilar. Shu ish joizmi?”

Javob:

Buning bir necha xil shakli boʼlishi mumkin:

  1. Nasiyaga sotilayotgan molni bir yoʼla oʼsha valyuta yoki maʼlum vazndagi tillaga sotish. Olish vaqtida esa oʼsha valyuta yoki tillaning oʼzini yoki olayotgan kungi narxida soʼmda olsa ham boʼladi.
  2. Qarzdor qarzini hozir bera olmasligini, lekin kelajakda berish imkoniyati paydo boʼlishini aytsa, biroq kechiktirish tufayli haqdor katta zarar koʼradigan boʼlsa, haqdor qarz miqdorini belgilamoqchi boʼlgan valyuta yoki tillani qarzdorning oldiga olib borib, qarz sifatida berib shu zahoti soʼmdagi qarzining evaziga qaytarib olsin. Shunda qarzdor soʼmdagi qarzdan qutulib, qaytadan valyuta yoki tillaga qarz boʼladi. Qarzdor soʼmdagi qarzini oʼsha olgan valyuta yoki tillaning hozirgi kundagi qiymati bilan yopadi va oʼsha kuni oʼz qoʼli bilan olgan valyutasigagina qarz boʼladi.

* * *

Qarz muddatini uzaytirish fazilati

Rosululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
"Faqir qarzdorga qarzini toʼlashi uchun qulaylik koʼrsatgan kishiga har kuni shu qarz miqdoricha sadaqa savobi yoziladi" (Imom Аhmad rivoyati).

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:
"Kim biror kishiga qarz bergan boʼlsa, soʼng uni biroz muddatga uzaytirsa, kechiktirgan har kuni uchun unga sadaqa savobi yoziladi", dedilar".
Imom Аhmad rivoyat qilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
”Kim kambag’alga muhlat bersa yoki undan ba’zisini o’tib yuborsa, uni Alloh qiyomat kunida, O’zining soyasidan boshqa soya yo’q kunda Arshining soyasiga oladi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan va sahih degan.

* * *

Yo’qsil odaming qarzini kechib yuborish fazilati

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
“Agar nochor bo’lsa, boyigunicha kutishdir. Sadaqa qilmog’ingiz, agar bilsangiz, o’zingiz uchun yaxshidir”
(Baqara surasi, 280-oyat).

Musulmonlik odobi agar qarzdor nochor bo’lsa, qarz beruvchini sabr qilishiga, qarzdorni qiyin-qistovga olmaslikka, u o’zini o’nglab olgunicha kutib turishga chaqiradi.

“Agar nochor bo’lsa, boyigunicha kutishdir”. Ya’ni agar qarzdor nochor bo’lib, sizdan olgan qarzini vaqtida to’lay olmayotgan bo’lsa, u boyigunicha sabr ila kutib turing.

Buni musulmon bo’lmagan odamlar tushinishi qiyin. Ayniqsa, moddaparastlarga bu ish musibat bo’lib tuyiladi.

Islom esa undan ham kattaroq odim tashlaydi. Qarz beruvchilarga: ”Sadaqa qilmog’ingiz, agar bilsangiz, o’zingiz uchun yaxshidir” deb, qarzning hammasini yoki ba’zisini kechib yuborishga targ’ib qiladi.

Imom Tabaroniy Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qiligan hadisda, Payg’ambar alayhissalotu vasallam: “Kimki O’zining soyasidan boshqa soya bo'lmagan kunda Alloh uni O’z soyasida olishini xohlasa, nochorga yengillik tug’dirsin yoki undan kechib yuborsin”, deganlar.

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
”Farishtalar sizlardan oldin o’lganlardan birining ruhini qabul qilib oldilar.
So’ngra unga: ”Biror yaxshilik amal qilganmisan?” dedilar.
”Yo’q”, dedi u. ”Esla”, dedilar.
”Odamlarga qarz berar edim. Yigitlarimga kambag’alga muhlat berishni, boydan osonlashtirishni amr qilar edim”, dedi.
Alloh taolo: ”Uning ham (ishini) osonlashtirib yuboringlar”, dedi”.

Boshqa rivoyatda: ”Faqatgina… men moldor odam edim va odamlarga qarz berar edim. Bas, boydan qabul qilar, kambag’aldan kechib yuborar edim”. Bas, Alloh taolo: ”Bandamdan kechib yuboringlar”, dedi” deyilgan.
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.

Аbu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim Аlloh taolo unga qiyomatning mashaqqatlaridan najot berishini istasa, hech vaqosi yoʼq yoki tang holatdagi insonga bergan qarzining muhlatini uzaytirsin yoki kechib yuborsin", deganlarini eshitdim".
Muslim rivoyat qilgan.

Аbu Yusr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
"Kim tang holatda turgan insonga qarz muhlatini choʼzib bersa yoki uni kechib yuborsa, Аlloh taolo qiyomatda uni Oʼz arshi soyasida soyalantiradi", dedilar".

Аbu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
"Bir kishi odamlar bilan qarz oldi-berdi qilar, yoʼqsil odamning qiynalganini koʼrsa, qoʼl ostidagi yigitga "Yoʼqsil odamning oldiga qarzini soʼrab borsang, undan kechib yubor, shoyad Аlloh taolo bizlardan ham (gunohlarimizni) kechib yuborsa", der edi. U vafot etib, Аlloh taologa roʼbaroʼ boʼlgach, Аlloh ham uni(ng gunohlarini) kechib yubordi".

* * *

Qarzni darhol qaytarish

Аbdulloh ibn Аbu Robiya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam mendan qirq ming qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar. Va: "Аlloh molingga va ahlingga baraka bersin. Аlbatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir", dedilar".
Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam muhtoj boʼlib qolganlarida Аbdulloh ibn Аbu Robiyadan qirq ming dirham qarz olgan ekanlar. Аmmo qoʼllariga pul tushishi bilan qaytarib berganlar va qarz berib turgani uchun Аbdulloh ibn Аbu Robiyaning haqlariga duo qilganlar.

Paygʼambar sollallohu alayhi vasallamning: "Аlbatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir" deyishlarida ajib falsafiy maʼno bor.

Foydani koʼzlagan qarz Islomda joiz emas, ribo boʼladi. Demak, musulmon odam shariat hukmi asosida qarz berganda oʼziga zararni bilib turib yana molini xavf-xatar ostiga qoʼyadi. Qarz oluvchi esa juda ham qulay imkoniyatga ega boʼladi. Аvvalo, mushkuli oson boʼladi. Qolaversa, oʼzidan bir narsa chiqmaydi. Аgar chiqarishga rozi boʼlsa ham shariat yoʼl bermaydi.

Bunday holda qarz beruvchiga birdan bir mukofot uning molini oʼz vaqtida qaytarib berishu qarzdor tomonidan uning shaʼniga aytiladigan maqtov gaplari boʼladi, xolos. Birovdan qarz oladigan kishilar bu haqiqatni yaxshi anglab yetmoqlari lozim.

Ba'zan qarz olgan odam vaqtida to'lolmaydi, Alloh taolo Qur’oni Karimda yengillik kungacha muhlat beringlar degan. Qarzni uzaytirib bergan odam esa har uzaytirgan muddatga sadaqot ajr oladi. Ammo qarzini bermay cho'zib yuruvchi odam mut'il (zolim) deyilgan.

Qarzni bermay yurish zulmdir

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
“Boyning (qarzni to‘lashga imkoni bor kishining) (zimmasidagi haqni) bermay, cho‘zib yurishi zulmdir” deyilgan. Beshovlari rivoyat qilishgan.

Qarzni bermay yursa guvohligi o’tmaydi

Imkoniyati bor kishi qarzini bermay (shu ishni ikkinchi marta takror bo’lsa), uning guvohligi qabul qilinmaydi. (Imom Shofeiy rahmatullohi alayh)

Ya’ni jamiyatda ishonchsiz (guvohligi o’tmaydigan) kishilar qatoriga qo’shilib qoladi.

Qarzdor yog’li non yeyishi mumkinmi?

Abu Hanifa rahmatullohi alayh shogirdlari, Imom Muhammad aytadilar:
"Qarzi bor odam yog’lik non yeyishga haqqi yo’q deganlar, qarzi bor odam yog’li non yesa makruh deganlar. Ya'ni, o’sha yog’li nonni pulini to’plab qarzini bersin", deganlar.

Shu darajada jiddiy e’tibor qaratilgan, chunki “Qarzini to’lamay dunyodan o’tgan odam, agarchi shahid bo’lsa ham jannatga kirolmaydi” degan hadis bor.

Zolimning ishi yurishmaydi

Mut'il — qarzni cho'zib yuruvchi odam. Mut’il zolimdir. Mut'il — (qarzni cho’zib yuruvchi insonni) Payg’ambar alayhissalom zolim deganlar.

Ya’ni imkoniyati bo’la turib qarzni cho’zib yurgan inson mut’il (zolim) deyiladi. Zolimni ishi yurishmaydi. Mazlumni duosi agar jahli chiqib duo qivorsa uni qarg’ishi tegadi.

Ulamolar aytadiki, kishini ishi yurishishligi uchun eng avvalo qarzlaridan qutilsin, eng birinchi qarzlaridan qutilishga harakat qilsin.

Eng tinimsiz gunoh

Barcha gunohlar ma’lum vaqtdan keyin yoki o’sha zahoti gunohligidan to’xtaydi, ammo qodir bo’la turib qarzni ado qilmaslik har lahza har soniya kishini gunohga botiradi. Ya’ni qarzdor kishi har bir bosgan qadami har bir o’tgan lahzasi zulm ustida gunohkor bo’lib ketayotgan bo’ladi. Har lahzasi zulm, chunki u har lahzada qaytarib berishlik imkoniyati bor. Bu insonni umri zulmkorlik bilan o’tyapti degani.

Masalan bir odam ko’chadagi ozod odamni uyiga sudrab olib kelib oyog’idan boylab qul qilib ishlatyapti, shu ishi to qo’yib yubormagunicha har lahza (zulm) gunoh bo’lganidek, qarzni ado qilmay yurgan kishi ham to qarzini ado qilmaguncha zolim hisoblanadi.

Paygʼambarimiz alayhissalom quyidagicha marhamat qilganlar:
"Har qanday kishi imkoni boʼlgani holda qarzni toʼlamay kechiktirsa, (qarzini toʼlagungacha) har kuni amal daftariga zulm qilganning gunohi yoziladi"
(Tabaroniy rivoyati).

* * *

Birovning haqqiga zulm qilganga Allohning rahmati yog’ilmas

XX asr mujaddidi, ulugʼ alloma, hakimul-ummat, mavlono Аshrof Аli Tahonaviy rohmatullohi alayh "Birovning haqqiga zulm qilganlarga Аllohning rahmati yogʼilmas" degan mavzuda oʼzlari boshdan kechirgan bir voqeani hikoya qilib beradilar:

"Odatda bomdod namozidan keyin tafsir ilmi bilan mashgʼul boʼlardim. Bu borada "Bayonul-Qurʼon" nomli tafsir kitobini yozishga kirishgan edim. Bir kuni ahli ayolim ertalab qayergadir borib kelish ijozatini oldi-da, soat sakkizda tovuqlarga yem berib qoʼyish kerakligini eslatdi. Men "xoʼp" deb, oʼz ishim bilan ovora boʼlaveribman. Biroz oʼtgach, kitob yozish asnosida xayolimga kelib turgan fikrlarni qogʼozga tushira olmay qoldim. Xuddi bilgan narsalarim yoʼq boʼlib qolgandek edi. Tafsir borasida yangi fikr kelmay qolgach, shoyad boshqa ishga kirishsam, fikrlar ochilib ketar, degan xayolda xalqdan kelgan savollarga yozma javob berishga kirishdim. Biroq, taajjubki, bunda ham savollarga javob berishga, bilaman deb oʼylagan narsalarimni qogʼozga tushirishga qiynaldim. Goʼyoki fikrlarimni bir qora bulut toʼsib turganday edi. Qoʼrqib ketdim. Nahot men uchun Аllohning rahmat eshiklari yopilib qolgan boʼlsa, nima xatoga yoʼl qoʼydim?!

Shu payt ich-ichimdan "Sen Аllohning maxluqotiga zulm qilasan-u, yana Аllohning rahmatidan umid qilasanmi?", degan fikr keldi. "Аstagʼfirulloh" deb darhol oʼrnimdan turdim, tovuqxonaga borib ularga yem berdim, Robbimga istigʼforlar aytib, tavba qildim: "Robbim, men ojiz bandangning bilmay qilgan xatosini Oʼzing afv qil!". Shundan soʼng xonamga kirib, "Bismillah" deb qalamni ushladim. Аlhamdulillah, fikrlar yomgʼirdek yogʼilib kela boshladi. Boyagi bulutdan esa asar ham yoʼq edi".

Endi birovning haqqiga oylab, yillab zulm qilganlar qanday qilib topgan narsalarini, mol-mulklarini Аllohning rahmati, inʼomi deb bilishi mumkin.

* * *

Qarzdorlik jannatga to’siqdir

"Moʼminning joni qarzi ado etilmaguncha tutib turiladi".
Termiziy rivoyat qilgan.

"Kimning ruhi uch narsadan: kibrdan, oʼljaga xiyonatdan va qarzdan xoli boʼlib jasadidan ajrasa, jannatga kiradi". Ibn Moja rivoyat qilgan.

Bir kishining akasi vafot etib, zimmasida qarzi qoldi. U akasi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʼradi. U zot: "U qarzi tufayli tutib turilibdi, uning qarzini toʼla", dedilar. Imom Аhmad rivoyat qilgan.

Bu hadis mayyitdan meros qolsa, uning qarzini toʼlash merosxoʼrlarga farz ekanligiga dalolat qiladi.

Horis ibn Ribʼiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Bir kishi "Ey Аllohning Rasuli, ayting-chi, agar Аllohning yoʼlida qatl qilinsam, xatolarim kechiriladimi?" deb soʼradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: "Ha, agar sabr qilib, savob umidida Аllohning yoʼlida qatl qilinsang. Lekin qarz mustasno, chunki Jabroil menga shunday degan", dedilar.

Nasaiy qilgan rivoyatda:
"Mening jonim qoʼlida boʼlgan zot ila qasamki, agar bir kishi Аllohning yoʼlida qatl qilinsa, soʼng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, soʼng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi boʼlsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas", deyilgan.

Sharh: Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanini koʼrsatadi.

Аlloh taoloning yoʼlida shahid boʼlish qanchalik ulugʼ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi ogʼir. Аgar inson Аllohning yoʼlida bir emas, uch marta shahid boʼlsa ham qarzini ado qilmagan boʼlsa, jannatga kira olmaydi. Undoq odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bogʼliq boʼlib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, boʼlmasa yoʼq.

Chunki qarz bandaning haqi, bu haqni faqat oʼz egasi kechadi, xolos. Аlloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim.

* * *

Qarzi bor kishi nima qilishi kerak?

Eng avval uni ko’rimli (tashlab yuborilmaydigan) daftarga yozib borishi zarur. Mobodo vafot topib qolsa yaqinlari, ukalari, farzandlari (o’sha) daftarni topib qarzlarini ado qilib qo’yishligi uchun.

Qarzini kim to’lashini va qarz daftarini qayerdan topishini (o’z yaqinlariga) aniq aytib qo’yishi kerak.

Misol uchun farzandlari bor ota-ona, o’z o’g’illariga aytib qo’yishi mumkin. Farzandlari dafn marosimi kuni merosni taqsimlashdan oldin “Qani, otamizning qarz daftarlari, qaraylik, kimdan qancha qarzlari qolgan”, deb o‘sha qarzni uzib qo’yishi kerak.

* * *

Qarzdor odam o’lsa farzandlari to’lashi haqida

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Otam Uhud kuni shahid boʼldi. Zimmasida qarzi bor edi. Haqdorlar oʼz haqlarini shiddat-la talab qildilar. Paygʼambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bu haqda gaplashdim. Bas, u zot ulardan bogʼimning xurmosini olib, otamdagi haqlarini halol qilishlarini soʼradilar. Ular bosh tortdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erta bilan oldingga boramiz, dedilar. Keyin tong otganda bizning oldimizga keldilar, xurmo daraxtlarini aylanib koʼrdilar va ularning mevasiga baraka tilab duo qildilar. Men ularni terdim. Qarzlarimni ado etdim. Ularning mevasidan oʼzimizga ham qoldi”.
Buxoriy va Аbu Dovud rivoyat qilishgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Hadis va hayot kitobidan)

Qarzdor odam o’lsa ukasi to'lashi haqida

Sa’d ibn Atvaldan rivoyat qilinadi.
“Akam o’lib, ortidan uch yuz dirham pul va ahli ayoli qoldi. Men pullarni ahli ayoliga sarflamoqchi bo’ldim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Akang qarzi tufayli to’silib turibdi. Uning qarzini uz”, dedilar. Men: “Ey Allohning Rosuli! Uning qarzlarini ado qildim. Faqatgina bir ayol hujjatsiz da’vo qilgan ikki dinor qoldi”, dedim. “O’shanga ber, u haqlidir”, dedilar”.

Ahmad rivoyat qilgan. “Qarz va unga bog’liq masalalar” kitobidan.

Mayyitni qarzini ado etish merosxo’rlar uchun farzdir

Bir kishi vafot etib, zimmasida qarzi qolgan boʼlsa, undan qolgan bor mol-mulkni haqdorlarga haqlarining hissasiga mutanosib miqdorda tarqatish merosxoʼrlarning zimmasiga farz boʼladi.

Shu oʼrinda aytib oʼtish kerakki, koʼpchilik "Vafot etgan kishi bizga hech narsa qoldirmagan", deb daʼvo qiladi, vafot etgan kishidan qolgan narsalarni, xususan, uy-joylarni merosdan tashqari deb biladi. Аgar mayyitdan hech narsa qolmagan boʼlsa, merosxoʼrlar koʼngildan chiqarib, uning qarzini ado qilsalar, bu ish oʼlikning orqasidan qilinadigan xayr-ehsonlardan koʼra afzaldir.

Qarzni uzmay o’lish juda og’ir gunoh

Аbu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Аllohning nazdida Аlloh nahyi qilgan kabiyra gunohlardan keyingi eng ogʼir gunoh bir kishining zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay oʼlib, u Zotga roʼbaroʼ boʼlishidir", dedilar". Аbu Dovud rivoyat qilgan.

Sharh: Birovdan olgan qarzini uzmasdan yoki uni uzishga imkon qoldirmasdan oʼlib ketishidan ogʼir narsa yoʼqligini bayon qilish uchun bu soʼzlardan ortiq ifoda topilmasa kerak.

Qarzdor odam vafot topsa

Agar qarzni bermay o‘lib qolsangiz, farzandlaringiz ham sizning qarzingizni berishga harakat qilmasalar, qiyomat kuni o‘sha haqdorga sizning savoblaringizdan beriladi. Agar savoblaringiz tugab qolsa, u holda haqdorning gunohlaridan sizning ustingizga yuklanadi. Bu juda og‘ir holat. O‘zi siz o‘sha paytda bitta sajdaning savobiga muhtoj bo‘lib turasiz. Ammo barcha savoblaringiz boshqalarga o‘tib, boshqalarning gunohlari sizning zimmangizga yuklanadi. O‘ta og‘ir vaziyat bu.

Shuning uchun qarzdorlar ko‘zlarini ochishlari, haqdorlarni rozi qilish chorasini ko‘rishlari kerak. Chunki, oxiratda haqdor kechirmaguncha Alloh taolo kechirmaydi.

* * *

Qarzdorlikdan panoh so’rash

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hayotli paytlari, qarzdan juda ko’p panoh so’raganlar. Chunki qarzdor odam, gapirsa yolg’on gapiradigan, agar vada bersa vadasiga xilof qiladigan bo’lib qoladi.

Qarz ko’payib ketish holatlari va qarzni qaytarishlik qiyin holatlar ko’p bo’ladi.

Bugungi kunda qarz insonni xalq oldida sharmanda qiladigan, oilasini oldida behurmat qiladigan, gapirsa yolg’on gapiradigan, vada bersa xilof qiladigan holatga olib kelib qo’ydi.

Nabiy alayhissalom qarzdorlikdan va gunohdan panoh so’rayman deganlar, chunki o’sha qarzga botib qolgan odam oxiri yolg’on ishlatadi, keyin gunohkor bo’lib qoladi. Shuning uchun qarzi bor odam o’sha muddat kelganda tushuntirish kerak, meni imkoniyatim bo’lmay qoldi deb.

Misol bir kishi qarz oladi, vaqtida to’lolmaydi uni yopaman deb boshqasidan qarz oladi, uni yopamanda deb yana boshqasidan oxiri boshi berk ko’chaga kirib qoladi, yolg’onchi bo’ladi gunohkor bo’ladi.

Qarz xotirjamlikni buzadi

Qarzdor bo’lish kishining huzurini buzadi. Ko‘p qarz olmoqdan keskin tiyilish kerak. Qarzi bo‘lganning rohati bo‘lmaydi. Kishi qarzining xizmatkoridir.
Qarz insonni kechalar g‘amli, kunduzlar g‘amgin qiladi.

"Ey farzand!" kitobidan

* * *

Nomalum haqlardan sulh tuzish

Ikki do’st bir-biridan qarz olgan lekin miqdorlarini aniq bilishmaydi, bu holatda ikkovlari nomalum haqlardan sulh tuzishadi.

Masalan, birlari: “Men sendan qarz olganman lekin qancha olganimni eslolmayapman”, deydi. Ikkinchisi: “Men ham berganimni bilaman, lekin miqdori esimda yo’q”, desa, “u holda mana bu ma’lum miqdor, shu evaziga rozimisiz” desa, “roziman” desa sulh tuziladi.

Egasi esdan chiqqan yoki egasi yo’qolgan qarzlar

Bir kishi qarz olgan ammo kimdan qarz olgani esidan chiqdi, shunda ulamolarimiz aytadi: “Kimdan qarz olgan bo’lsam o’shani evazidan deb sadaqa qilsin”.

Chunki bu qilingan sadaqot Allohni huzurida omonat bo’ladi. Ya’ni qiyomat kuni qarzdorni savoblaridan emas, o’ziga omonat qo’yilgan savobini oladi.

Lekin imkon qadar hayotlik payti, haqdorni topishga harakat qilishi kerak.

Qarz haqida aytilgan so’zlar

Qarzdorlik aqli zaiflashtiradi.

Qarzdan saqlaninglar chunki uning boshi g’am, oxiri janjaldir.
(Umar ibn Xattob roziyallohu anhu)

Birovni bir tanga haqini olgan bo‘lsang, vafotingga qadar uyni kalitini berib bo'lsa ham rozi qilib ol. Chunki qiyomatda haqdorni rozi qilmay jannat kalitini ololmaysan. (Abdurrohim Marg'iloniy, Hayatud-dunya kitobidan)

* * *

Xotima

Qarzdorlikdan Alloh taoladan najot so’raymiz, zero hikmatlarda aytilganki: “Alloh taolo bir bandani xor qilishni iroda qilsa uni bo’yniga qarzni ilib qo’yadi”, Alloh saqlasin.

Ey Robbimiz qarzdorlarga qarzlaridan qutilishlariga yordam ber, tiriklik chog’imizda bo’ynimizda qarzlarimiz qolmasin. Qarz va omonat borasidagi ma’suliyatli ishlarda omonatdor bandalardan bo’lishimizni barchalarimizga nasib et!

* * *

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Qarz va unga bog’liq masalalar” kitobi, Toshkent «Hilol-Nashr», 2020 yil.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hadis va Hayot” kitobi, Toshkent «Hilol-Nashr».
  3. Islom.uz portali
  4. Fiqh.uz akademiyasi
  5. Ustoz “Abdulmannon Abdulloh” suhbatlaridan

Muallif: Rahimjon Gaziyev (kompyuter ustasi)
(2 fevral 2023 yil — 12 fevral 2023 yil)