Maqolalar
December 28, 2021

Maslahatlashish haqida

Alhamdulillah, vassolatu vassalamu a'la Rosulillah. Bismillah.

Prosto rasm
Mazkur maqola inshaalloh jamiyatimizdagi 80-90% muammolarga yechim taqdim qila oladi.

Maslahat qilishning inson hayotidagi o'rni

Luqmoni Hakim rahmatullohi alayh: Ey bolam! Kim toqatidan yuqori narsani ko'tarsa, ojiz qoladi.

  • Kim o'ziga bino qo'yib, o'zidan ketsa, halok bo'ladi.
  • Kim odamlarga takabburlik qilsa, xor bo'ladi.
  • Kim maslahat qilmasa, nadomat chekadi.
  • Kim ulamolar bilan birga o'tirsa, ilm hosil qiladi.
  • Kimning so'zi ozaysa, omonda bo'ladi.

Umar ibn Abdulaziz shunday deganlar:
"Maslahat va munozara rahmatning eshigi, barakaning kalitidir. Bu ikkisini ishga solgan kishi fikrda adashmaydi. Bu ikkisini ishga solgan kishi matonatda adashmaydi".
© arabicuz

Insonlar 3 toifadir

Aytildi: Insonlar uch toifadir. Birinchisi — butun kishi, ikkinchisi yarimta va uchinchisi hech narsa.

  • Butun kishi: O'zini to'g'ri fikri bo'lgan va maslahatlashadigan kishidir.
  • Yarimta kishi: O'zini to'g'ri fikri bo'lgan lekin maslahatlashmaydigan yoki maslahatlashadiyu lekin o'zini (to'g'ri) fikri bo'lmagan kishidir.
  • Hech narsa: O'zini to'g'ri fikri bo'lmagan va maslahatlashmaydigan kishidir.

"O'quvchiga ta'lim olish yo'lini o'rgatish" kitobi. 3-Fasl: Sobitlik haqida.

Maslahatlashish inson ixtiyoridagi ish emas!

Kishi o'zi (yaxshi) bilmagan narsasi xususida maslahat solishi vojibdir.
Alloh taolo Qur'oni Karimda:
"Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahllaridan soʻranglar", degan.
(Nahl surasi, 43-oyat)

Hatto Аlloh taolo oʼz paygʼambarini ham maslahatlashishga amr qilib aytdiki:
“Ular bilan ishlarda mashvarat qiling”. (Oli Imron surasi, 159-oyat)

Maslahat qilish fazilati

To'rt ishni qilgan odam to'rt narsadan to'silmaydi:

  1. Shukr qilgan ziyodalikdan to'silmaydi.
  2. Tavba qilgan qabuldan to'silmaydi.
  3. Istixora qilgan yaxshilikdan to'silmaydi.
  4. Maslahat qilgan to'g'ri yo'ldan to'silmaydi.

Aytildi: Aqlli kishi bilan maslahat qilsang, uning aqli senga o'tib qoladi.
© arabicuz

Odam alayhissalom vafotlaridan oldin farzandlariga qilgan nasihati:
Ishlarda maslahatli bo'linglar, agar jannatda farishtalarga maslahat solganimda, ehtimol o'sha (taqiqlangan) mevani yeb qo'ymas edim".

Qanday inson bilan maslahatlashish kerak?

Quyidagi uch xislatni o'zida mujassam qilgan ishonchli kishi bilangina maslahat qil:

  1. To'g'ri fikr.
  2. Xolis niyat.
  3. Sirni yashira olish.

"Senga ozor beradigan narsadan chetda bo'l. O'zing uchun shunday solih bir do'st tanlagingki, bunday do'st kamdan kam uchraydigan bo'lsin. Ishingni Allohdan qo'rqadiganlar bilan maslahat qil!"
(Umar ibn Xattob roziyallohu anhu)

Qanday insonga maslahat bermaslik kerak?

Ta'bingni tirroq qiladigan narsaga ko'zing tushsa, o'zingni ko'rlikka sol. Senga zarari yetadigan narsani bilib qolsang, o'zingni jinnilikka sol. Senga ishonmaydigan kishiga nasihat qilma, yo'rig'ingga yurmaydigan kishiga maslahat berma. Inson uchun tilni saqlashdan foydaliroq narsa yo'q. Nodonga sukut qilishing — unga berilgan eng batafsil javobing, unga yetkazgan eng alamli azobingdir.
(Unvanul bayan kitobidan)

Maslahatdagi tartib

"Hech kim orzu-niyatlaringni o'zingchalik tushunmaydi. Istixora qil, maslahat sol, tajribali kishilarning nasihatiga quloq tut, keyin esa o'zing ishongan narsani qil. Zero, bu birovning emas, sening hayotingdir".

Bu so'zlar umumiy ishlar uchun, kishini o'z hayotiga ta'lluqli bo'lgan bosib o'tiladigan yo'l uchun aytilgan. Aniq bir mutaxassislikka tegishli bo'lgan ishlarda tajriba maydonchasi qilib umrni o'tkazib yubormaslik kerak. Yoki aniq ilmiy-ma'rifiy diniy ishlarda fatvoni eshitgandan keyin ham o'zvoshimchalik qilib o'zi istagan fatvoni chiqarib olmaslik kerak.

Demak umumiy holatda tartib bilan sanaymiz:
1. Istixora qil.
2. Maslahat sol.
3. (O'sha ishda) tajribali kishilarni nasihatiga quloq tut.
4. Keyin esa o'zing ishongan narsani qil.

Bizni davrimizda birinchi ikkinchi va uchinchisini qilmay, eshitmay, bir yo'la to'rtinchisiga o'tib ketishadi va jamiyatdagi 80-90% muammolar kelib chiqaveradi. Bu ishni "Ta'limul muta'allim"da aytilganidek, faqatgina yarimta inson "o'zida to'g'ri fikri bo'ladi, lekin maslahat solmaydi". Butun insonda esa, ham to'g'ri fikr bo'ladi ham (o'sha ishni) biladiganlarga maslahat soladi. Shunday ekan butun inson bo'lishga harakat qilishimiz kerak.

Qanday ishlarda maslahat solish kerak?

"Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh iqobi shiddatli Zotdir".
(Moida surasi, 2-oyat)

Tafsir: Ushbu mo'jazgina jumla dunydogi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida hisoblanadi. Islomdan avvalgi davrda hamkorlik qoidasi urug'chilik, qabilachilik va boshqa shunga o'xshash o'lchovlar asosida bo'lar edi. O'ziga yaqin bo'lgan shaxs, toifa, qabila, davlat yoki xalq nima qilsa, unga hamkor bo'lish zarur edi. Jumladan, zulm va dushmanlik ishlarida ham.

Islomda esa hamkorlikning bosh sharti yaxshilik va taqvodir. Agar shu shart vujudga kelsa, hamma bilan hamkorlik qilinaveradi. Ammo, qayerda gunoh va yomonlik bo'lsa, kim bo'lishidan qat'iy nazar, hamkorlik qilinmaydi.

Bu ishlarning hammasi Alloh taologa bog'liq. Mazkur ishlarni amalga oshirishda, albatta, taqvo shart.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

Maslahat va istixorani jamlash

Аlloh taolo baʼzi bandalariga yetuk aql, oʼtkir zehn, nozik hikmat beradi. Bu esa Uning xohlagan insonlariga ato etadigan fazli, inʼomi. Shuning uchun musulmon uchun Robbisiga istixora qilgan paytda mana shunday nasihatgoʼy shaxslar bilan maslahatlashishi ham maqsadga muvofiqdir. Istixora bilan birga boshqalarga maslahat solish komil fahm-farosatdan nishonadir.

Imom Navaviy: “Istixoradan oldin din-diyonatli, maʼrifatli, tajribali, nasihatgoʼy insonlar bilan maslahatlashishi mustahabdir. Аgar maslahatlashib, bu ishi maʼlum boʼlsa, Аllohdan bu ishda istixora qiladi” — deganlar.

Ibni Hajar Haysamiy: “Аgar inson xulqi buzuq, nafsi havosiga moyil boʼlgan shaxs boʼlsa, avval maslahat solib soʼng istixora qiladi. Lekin irodasi baquvvat, xohishiga uchmagan shaxs boʼlsa, istixorani muqaddam qoʼyadi” — dedilar.

Аbul Hasan Movardiy shunday deydilar: “Har bir inson qilayotgan ishi oldidan nasihatgoʼy, aqlli insonlar bilan maslahatlashishi ehtiyotkorlik hisoblanadi. Аlloh taolo oʼz paygʼambarini ham maslahatlashishga amr qilib aytdiki:

“Ular bilan ishlarda mashvarat qiling”. (Oli Imron surasi, 159-oyat)

Demak, musulmon banda istixora bilan birgalikda nasihat ahllaridan maslahat olishi darkor. Shunda oʼz nafsidagi turli xil vasvasa, tashvishlardan xalos boʼladi. Chunki, insonda havosi xohlab turgan tomonga qadam qoʼyishi koʼproq sodir boʼladi. Oʼzidan boshqa shaxsni toʼgʼridan toʼgʼri bergan nasihati uni hotirjam qiladi. Ulamolar maslahat solinadigan shaxslarda bir necha sifatlar boʼlishini aytib oʼtganlar.

Maslahat solinadigan inson sifati:
Аbu Аbdulloh Muhammad Аbdariy maslahat solinishi mumkin boʼlgan shaxsda quyidagi besh xislat jamlangan boʼlishini aytganlar:

  1. Uzoq tajriba bilan birgalikda yetuk aql sohibi boʼlish.
  2. Din va taqvo sohibi boʼlishi. Chunki bular barcha yaxshilik, zafar eshigi hisoblanadi.
  3. Mehribon nasigatgoʼy boʼlish.
  4. Fikri-hayoli gʼam-tashvishdan xoli boʼlgan shaxs boʼlish.
  5. Maslahat berayotgan ishiga oʼzining dunyoviy maqsadini, nafsi havosini aralashtirmaydigan shaxs boʼlish.


Muallif: Rahimjon Gaziyev (kompyuter ustasi)
(26 dekabr 2021 yil — 28 dekabr 2021 yil)