Kitob o'qish tartiblari (7 oltin tartib)
Kitob o'qishdan oldin uni qanday o'qish tartibini bilib olish muhimdir.
Kitob o'qish orqali maksimal foydaga erishish uchun quyidagi 7 tartiblarga amal qilish tavsiya etiladi.
1. Niyatni to'g'irlab olish
Bir inson kitobni bir oyda o'qisa, uni siz ham bir oyda o'qib tugatishingiz kerakligini anglatmaydi. Palon kitobni bir oyda o'qib tugataman deb niyat qilsangiz. Maqsadingizga erishishingiz mumkin, lekin undan ortig'iga emas.
To'g'ri niyat qanday bo'ladi?
-Shu kitobni 1 oyda o'qib tugataman deyish o'rniga, Shu kitobdan maksimal foyda olaman deyish.
-Kuniga 10 bet bo'lsa ham o'qiyman deyish o'rniga, bir mavzuni to tushunib olmaguncha o'qiyman deyish.
2. Tasavvur qilish
Chunki ko'rish va tasavvur qilish ma'lumotni xotirada saqlashning asosiy omillaridan biridir.
3. Yozib borish
Qisqa xulosalarni yozib yoki kitobga belgilab borish
4. So'zlab berish yoki o'rgatish
Yozib bo'lgandan keyin, uni biror insonga gapirib berish
Bu orqali o'rganganlaringizni xotirangizda mustahkamlaysiz. Agar gapirib berishga sherigingiz bo'lmasa, ovozingizni audio qilib yozib qo'ysangiz ham bo'ladi.
5. Savol so'rash
Tushunmagan joylaringizni savol berish orqali ilmli insonlardan bilib olish
Kitobda ko'zda tutilgan barcha narsani 100% tushunmasligimiz o'ta tabiiy hol. Shu payt savollarni aniq qilib ilmli insonlardan uni so'rab olishimiz kerak. Chunki mavhum qolib ketgan joy to'ldirilmasa, avval olgan ilmingizni keyingisiga ulolmaysiz. Ulanmagan zanjirlar esa miyada jamlanmaydi.
Alloh subhanahu va ta'ala Nahl surasining 43-oyatida ham buni ta'kidlagan:
فَسۡـــَٔلُوۡۤا اَهۡلَ الذِّكۡرِ اِنۡ كُنۡتُمۡ لَا تَعۡلَمُوۡنَۙ
"Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahllaridan so'ranglar"
Ilmni ikki kishi ololmasligi haqida ham kitoblarimizda ko'p aytib o'tiladi. Bular so'rashga uyalgan va kibr qilganlardir.
Bu besh asosiy tavsiyadan keyin ham ba'zi muhim tavsiyalar bor. Ular:
6. Muhokama qilish
Har bir inson kitob o'qiganda o'z dunyo qarashi, ilmi, sohasi, muhitiga qarab uni tushunadi. Muhokama qilish esa bir narsani turli rakursdan ko'rishingizga yordam beradi. Bundan tashqari siz muhokama orqali olgan bilimlaringizni yana bir bor takrorlab, xotirangizda mustahkamroq joylashishiga hissa qo'shasiz.
7. Hamd aytish
Chunki shukr qilganlarga ziyoda qilish Allohning va'dasi.
Alloh yaratgan odam, Alloh yaratgan dunyoda, Alloh bergan ilmni, Alloh bergan pulga kitobni olib, uni Alloh bergan aql, ko'z bilan o'qib nega endi shukr qilmasin. Yoki ilmni o'z kuchim bilan oldim deb hisoblaydimi?
Imom A'zam rahmatullohi alayh'dan, bu darajaga qanday erishdingiz deb so'ralganda: "Har bir ilm olganimda Allohga hamd aytdim, U Zot ilmimni ziyoda qildi" deganlar.
Kitob tanlash bobi
Voqe'likdan kelib chiqib kitob tanlash
Hozir hayotimizda nima qiyinchilikka duch kelgan bo'lsak shu haqida kitob o'qish muhim.
Talabami? Ilm olish sirlari haqida kitob o'qisin.
Onami? Farzandning jismosniy va ruhiy salomatligi haqida kitob o'qisin.
Savdodami? Savdoning fiqhini o'rgansin.
Biror kasb egasi, kasbiga oid kitoblarni o'qisin.
Chunki ilm muammodan kamroq zarar bilan chiqishingiz va tushunlikka tushib qolmasligingizning asosiy omilidir.
Agar yaxshi murabbiyingiz bo'lsa, U tavsiya qilgan kitobni o'qing
Chunki u sizning ehtiyojingiz nimada ekanligidan kelib chiqib sizga mos kitob tavsiya qiladi. Shunda ilmga tezroq yetasiz.
Rahimjon Gaziyevning "Kitob o'qish tartiblari" darsiga asosan Dinora Choriyeva talhisi