Maqolalar
February 22

Ichkaridan tashqariga qonuni

O'sish va o'zgarish tamoyili

Shaxs etikasining o'ziga tortuvchi jozibasi shundaki, u hayot sifatini oshirish - shaxsiy samaradorlik, boshqalar bilan sermazmun munosabat o'rnatishning bir nechta tez va oson yo'llarini taklif qiladi. Lekin shaxs etikasi muvaffaqiyatga erishishda mehnat va o'sish kabi tabiiy jarayonlarni inobatga olmaydi. Bu esa mazmunsiz ramzga o'xshaydi. Uni, shuningdek, "ishlamasdan tishlash"ni va'da qilayotgan "tezda boy bo'l" dasturiga qiyoslash mumkin. Dastur muvaffaqiyatli ko'ringani bilan, baribir yasamaligicha qoladi.

Shaxs etikasi aldoqchi va hiylakordir. Uning texnikasi tezkor choralari yordamida yuqori sifatli natija ko'rsatishga urinish - Toshkentda yo'l topish uchun Samarqand xaritasidan foydalanishga o'xshaydi.

Bugun biz robot kabi harakatlanuvchi shaxslarga duch kelamiz. Ular o'zining kimligini bilmaydi yoki tushunmaydi. Ular faqat kim bo'lishi, o'zini qanday tutishi kerakligidan xabardor, xolos. Ularning hayotida muloqot nutqi o'rnini ma'nosiz suhbat, samimiy qahqaha o'rnini soxta tabassum, haqiqiy iztirob o'rnini esa zerikarli umidsizlik egallagan. Bu kabi shaxslarga ikki xil tashxis qo'yish mumkin. Birinchisi shuki, ular shaxsiyatning o'ziga xos nuqsonlaridan azob chekadi. Bu nuqtsonlar davosiz tuyuladi. Shu bilan bir qatorda, yuqoridagi singrai shaxslar yer yuzidagi har bir tirik insondan umuman farq qilmaydi.

Butun hayoti davomida odamzot o'sish va rivojlanishning ketma-ket bosqichlarini boshdan kechiradi. Mitti bolakay dastavval o'girilishni, so'ngra o'tirishni, emaklashni, yurishni va nihoyat yugurishni o'rganishi hech kimga sir emas. Har bir bosqich juda ahamiyatli hamda ma'lum vaqt talab etadi. Eng muhimi, bu bosqichlarning hech birini tashlab o'tib bo'lmaydi.

Ushbu haqiqat hayotning barcha tomonlariga - pianino chalishni o'rganishdan tortib hamkasb bilan samarali muloqot qilishgacha bo'lgan rivojlanishning hamma jabhasiga mos keladi. Har bir shaxs, nikoh, oila va muassasa buni boshdan o'tkazadi.

Biz JARAYON tamoyilini moddiy hodisalar misolida bilamiz va qabul qilamiz. Biroq uning hissiy holatlar, ijtimoiy munosabatlar va hatto shaxs fe'l-atvori bilan sodir bo'lishini tushunish biroz noodatiy va murakkabroqdir. Tushungan taqdirda ham, Jarayon tamoyilini qabul qilish va u bilan uyg'unlikda hayot kechirish yanada noodatiylik, qiyinchilik keltirib chiqaradi. Natijada biz ba'zan vaqt va quvvatimizni tejash, ammo istalgan natijani qo'lga kiritish ilinjida ushbu zaruriy bosqichlarning ayrimlarini qisqartirish payiga tushamiz.

Xo'sh, o'sish va rivojlanishimizdagi tabiiy jarayonni tezlashtirishga urinsak, nima bo'ladi? O'zingiz ayting, o'rtamiyona tennischi bo'la turib, boshqalarni qoyil qoldirish uchun professional tennisda o'ynashga qaror qilsangiz, nima bo'ladi? Professional tennischiga qarshi maydonga tushish uchun ijjobiy fikrlashning o'zi yetarlimi?

Yoki darajangiz ibtidoiy bo'lsa-yu, do'stlaringizga maqtanish maqsadida katta sahnada konsert berishga otlansangiz, natijangiz qanday bo'ladi?

Bu savollarni javobi o'z-o'zidan ko'rinib turibdi. Rivojlanish jarayonini qisqartirish, bee'tibor qoldirish yoki buzish mumkin emas. Bu tabiatga butunlay zid bo'lib, faqatgina ko'ngilsiz, noxush natijalarga olib keladi.

O'n ballik tizimda qaraganda, men biror sohada ikkinchi darajada bo'lsam va beshinchi darajaga o'tishni istasam, dastlab uchinchi, so'ng to'rtinchi darajalarni bosib o'tishim lozim. "Ming kilometrga cho'zilgan sayohat ilk qadam bilan boshlanadi" va bir vaqtning o'zida faqat bitta qadam tashlash mumkin, xolos.

Ustozga savol berishga, bilmasligingizni oshkor etishga uyalmang. Aks holda, hech qachon o'rganmaysiz, o'smaysiz. Siz uzoq muddat davomida mug'ambirlik qilib, o'zingizni aqlli ko'rsatib yura olmaysiz, oxir-oqibat baribir fosh bo'lasiz. Bilmaslikni tan olish odatda ta'limning ilk bosqichi hisoblanadi. Toro o'rgatganidek, "Mavjud bilimimiz asqatganda, rivojlanishimiz sababchisi bo'lgan bilimsizligimizni eslay olamizmi?".

Bir kuni do'stimning ikki qiiz ko'zida yosh bilan oldimga kelib, dadasining qo'polligi, gapga tushinmasligini ustidan shikoyat qildi. Oqibatidan qo'rqib qizlar ota-onasiga ochiq gapirishga cho'chirdi. Biroq ular ota-onasining mehr-muhabbati, tushunishi va yo'l-yo'riqlariga muhtoj edi.

Men qizlarning otasi bilan xabarlashdim va u bo'layotgan ishlardan voqifligini bildim. Do'stim chindan ham qiziqqonligini tan oldi, lekin bu fe'l-atvori uchun javob berish, hissiy rivojlanish darajasi past ekanligini tan olishni istamadi. O'zini o'zgartirish uchun ilk qadamni tashlashga uning g'ururi yo'l qo'ymadi.

Turmush o'rtog'imiz, farzandlarimiz, do'stlarimiz yoki hamkasblarimiz bilan samarali aloqa o'rnatish uchun, biz avvalo ularni tinlgashni o'rganmog'imiz darkor. Bu esa kuchli hissiy quvvatni talab etadi.

Tinglash β€” sabr-toqat, ochiqko'ngillik, so'zlovchini tushunish istagi kabi yuksak fe'l-atvor fazilatlarini qamrab oladi. Ko'pchilik uchun suhbat vaqtida sust hissiy e'tibor ko'rsatib, yuqori darajada maslahat berish ancha oson.

Pianino chalish yoki tennis o'ynash davomida qanchalik mohirligimiz yaqqol sezilib turadi: chunki mug'ambirlik qilib, usta o'yinchi sifatida ko'rinishning iloji yo'q. Lekin fe'l-atvor va hissiyotlar borasida qay darajada rivojlanganimizni bir qarashda anglab bo'lmaydi. Begona odam yoki suhbatdoshimiz oldida o'zimizni boshqacha inson sifatida ko'rsatib "rol" o'ynay olamiz. Ammo bu biroz muddat ish berishi mumkin. Ba'zan o'ynayotgan "rol"imizga o'zimiz ham ishonib qolamiz. Shunga qaramay, ishonchim komil, ko'pchiligimiz ichki dunyomizdan, aslida kim va qanday ekanligimizdan yaxshi xabardormiz; nafaqat biz, balki birga yashaydigan va ishlaydigan insonlar ham bundan voqif.

Rivojlanishning tabiiy jarayonini tezlatishga urinish biznes olamida qanday oqibatlar olib kelganiga ko'p marta guvoh bo'lganman. Masalan, ayrim ish boshqaruvchilar ta'sirli nutq, soxta tabassum va boshqa nosamimiy usullar orqali xodimlarning mehnat unumdorligi, axloqi va sifatli xizmatini "sotib olish"ga harakat qiladi, yasama manipulyatsiyalar ishonchsizlik keltirib chiqarishiga ko'z yumadi. Bu uslublar ish bermagan mahal ular mustahkam ishonch poydevori bo'lgan tabiiy tamoyil va jarayonlarni oyoqosti qiluvchi shaxs etikasining boshqa texnikalaridan foydalanishga o'tadi.


Tamoyilni buzganimda...

Ko'p yillar muqaddam o'zim ham ota sifatida shu tamoyilni buzgan edim. O'sha kuni kichik qizim uch yoshga to'lgani munosabati bilan kichik bayram uyishtirgan edik. Uyga kirganimda, qizalog'im mehmonxonaning burchagiga borib, mitti qo'lchalari bilan o'ziga berilgan sovg'alarni mahkam qisgancha turar, boshqa bolalarga o'yinchoqlarini berishni istamas edi. Tug'ilgan kunga yig'ilgan ota-onalardan bir nechtasi qizimning xudbinlarcha xatti-harakatidan ko'z uzmasdi. Buni ko'rib, ikki karra uyalib ketdim, sababi o'sha paytlari universitetda ijtimoiy munosabatlar bo'yicha dars o'tardim. Bu vaziyatda ota-onalar mendan nima kutayotganini fahmladim.

Xonada chindan ham tarang muhit hukmron edi - bolalar qizalog'imni o'rab olgan, hozirgina o'zlari sovg'a qilgan o'yinchoqlarni birga o'ynashni so'rardi. Qizim esa qat'iyan rad etardi. Shunda o'z-o'zimga aytdim: "Men qizimga baham ko'rishni o'rgatishim kerak. Baham ko'rish - biz ishonadigan eng asosiy qadriyatlardan biri".

Ishni iltimos qilishdan boshladim.

β€” Asalim, do'stlaring bergan o'yinchoqlarni ular bilan birga o'ynayqol, iltimos.

β€” Yo'q, β€” deb quruqqina javob berdi qizim.

Keyin biroz tushuntirishga harakat qildim.

β€” Shirin qizim, do'stlaring mehmonga kelganida o'yinchoqlaringni baham ko'rsang, sen mehmonga borganda, ular ham qo'g'irchoqlarini sen bilan o'ynaydi.

β€” Kerak emas! β€” dedi darhol.

Gaplarim havoga uchayotgani meni battar xijolatga soldi. Uchinchi usul sifatida hayolimga "pora berish" keldi. Men muloyim ohangda dedim:

β€” Qizim, agar o'rtoqlaringga o'yinchoqlaringni berib tursang, sen uchun maxsus sovg'am bor. Senga bir quti saqich beraman.

β€” Men saqich xohlamayman! β€” deya tutaqib ketdi qizim.

Buni ko'rib, g'azabim qo'zidi. To'rtinchi urinish uchun men dag'dag'a va po'pisani ishga soldim.

β€” Agar hoziroq o'yinchoqlaringni bo'lishmasang, o'zingdan ko'r!

β€” Menga farqi yo'q! β€” shunday deb, qizim yig'lab yubordi. β€” O'yinchoqlar meniki! Ularni birovga berishim shart emas!

Nihoyat, toqatim toq bo'lib, kuch ishlatishga o'tdim. Qizalog'imning qo'lidan bir nechta o'yinchoqlarini tortib oldim va boshqa bolalarga berdim.

β€” Mana, bolalalar, mana bularni o'ynanglar.

O'sha mahal qizimning o'sishi va rivojlanishi, ikkimizning munosabatlarimizni emas, atrofdagi ota-onalarning men haqimdagi fikrini ustun qo'ygan edim.

Men shunchaki dastlabki xulosamga ko'ra o'zimni haq deb bildim; qizim baham ko'rishi kerak, bunday qilmayaptimi, demak, u nohaq.

Menimcha, o'shanda qizimdan ko'proq narsa kutib yuborgandim, chunki o'zimning hissiy rivojlanish darajam past edi. Men uni tushunish, sabr bilan tinglashning uddasidan chiqmadim yoki shunchaki istamadim. Shuning uchun oson yo'ldan borib, o'yinchoqlarni berishni talab qildim. Kamchiligimni yashirish ilinjida obro'yim va otalik mavqeyimdan kuch qarzga olib, qizimni o'zim xohlagan ishni bajarisha majburladim.

Biroq qarzga kuch olgan odam oxir-oqibat kuchsizlanadi. Bunda dastlab qarz beruvchi zaiflashadi. Boisi u bir ishni qilish uchun tashqi omillarga suyanib qoladi. Keyin esa o'zi istamagan ishni qilishga majburlangan odam kuchsizlanadi. Chunki uning mustaqil fikr yuritishi, o'sishi va ichki intizomining rivojlanishiga zarba beriladi. Va nihoyat, o'rtadagi munosabatlarning mazasi qochadi. Hamkorlik o'rnini qo'rquv egallaydi oqibatda har ikkala taraf ham o'zboshimcha va o'zini himoya qiluvchi pozitsiyaga o'tib qoladi.

Xo'sh, qarzga olingan kuchning manbai β€” u xoh jismoniy kuch bo'lsin, xoh mavqe yoki mansab, obro', tashqi ko'rinish yoki o'tmishdagi yutuqlar β€” kamaysa yoki tugab qolsa nima bo'ladi?

Agar aqlim yetukroq bo'lganda edi, o'sha vaziyatda ichki kuchimga - farzandimni sevish, g'amxo'rlik qilish imkoniyatimga, o'sish va baham ko'rish haqidagi tushunchalarimga suyanib, qizimga tanlov imkoniyatini berardim; o'yinchoqlarni baham ko'radimi yoki yo'q, buni o'ziga tashlab qo'yardim. Ehtimol, ikkinchi uslub, ya'ni tushuntirish besamar ketgandan so'ng, bolalarning e'tiborini biror qiziqarli o'yinga jalb qilib, qizimga qaratilgan ruhiy bosimni yumshatgan bo'lardim. Shuni o'rgandimki, bolalar egalik hissini bir marta boshdan kechirgach, o'zidagi narsalarni tabiiy ravsishda o'z xohishi bilan baham ko'rishni boshlaydi.

Tajribamdan shunday xulosa chiqadi: ba'zan o'rgatish kerak bo'lgan paytlar, ba'zan esa o'rgatish talab qilinmaydigan holatlar mavjud. O'zaro munosabatlar keskinlashgan va hissiyotlar bizni boshqargan mahal o'qitishga urinish ko'pincha hukm va rad etish shakli bo'lib ko'rinadi. Munosabatlar silliq bo'lgan paytda, bola bilan holi qolib, bosiqlik bilna unga qadriyatlarni o'rgatish yoki muhokama qilish yaxshiroq samara berishi shubhasiz.

Qizimning tug'ilgan kunida buni shunday qilish uchun menda sabr-toqat va ichki nazorat yetishmagan, hissiy yetuklik darajam past bo'lgandir balki.

Egalik hissi odamda baham ko'rish hissidan oldinroq paydo bo'ladi. Turmush va ish jarayonida, o'zidagi narsani baham ko'rishni rad etuvchi odamlar, menimcha, egalik hissini hech qachon tuymagan bo'ladi. Farzandlarimizning to'g'ri o'sishiga yordam berish uchun sabr qilib, ularga egalik hissini boshidan kechirishga imkon berishimiz kerak. Shu bilan bir qatorda, aqlga tayangan holda baham ko'rishni o'rgatishimiz darkor.

Muammoni ko'rish usulumizning o'zi muammo

Odamlar hamisha qat'iy tamoyillarga amal qiluvchi boshqa shaxslarni ko'rganida, xususan oila va tashkilotlar hayotida sodir bo'layotgan ijobiy hodisalarni, yutuqlarni ko'rib, hayajonga tushadi. Shaxsiy faollik va yetuklik, oilaviy birlik, jamoa bo'lib ishlash, o'zaro tashkilotchilik madaniyati ko'pchilikni qoyil qoldiradi. Muvaffaqiyatli shaxslarni ko'rganda paydo bo'lgan ilk savol insonning asosiy paradigmasini oshkor qiladi. Masalan, "Yutuqlaringiz sirini menga ham o'rgata olasizmi? Menga ham muvaffaqiyatli bo'lish sirlarini o'rgata olasizmi?" degan so'roq ortida "Hayotimdagi muammolarni hal qilishim uchun tezkor maslahat yoki yechim bering" degan ma'no mujassam.

Bundan savolga javob topish uchun, aksariyat odamlar o'zi lozim topgan shaxsga murojaat qilib, uning maslahatiga amal qilishni boshlaydi. Bir muddat o'rgangan usul va texnikalari ish berayotgandke tuyuladi. Aspirin bosh og'rig'ini tezda yengillatgani kabi, tezkor yechim ham qiyin muammolarni bir qarashda bartaraf etishi mumkin.

Ammo... Aspirin surunkali bosh og'rig'ini davolashga ojizlik qilishi sir emas. Xuddi shu singari, tezkor yechim qo'llash muammoning asl ildiziga zarba bermaydi. Natijada oradan ma'lum vaqt o'tib, muammo kuchliroq tarzda qancha ko'p o'rganib qolsa, surunkali holatning rivojlanishiga shuncha ko'p hissa qo'shadi.

Muammoni ko'rish usulimizning o'zi muammo.

Ushbu mavzu muqaddimasida sanalgan mummolar va shaxs etikasining inson tafakkuriga o'tkazadigan ta'siriga yana bir nazar soling.

β€” Samarali boshqaruvchi o'rgatuvchi bir nechta kurslarga qatnashdim. Men xodimlarimga talabchanman, ammo ularga hamisha to'gri va do'stona munosabatda bo'lishga chin ko'ngildan harakat qilaman. Baxtga qarshi, ulardagi sadoqat tuyg'usini his qilmayman. Agar tobim qochib, bir kun ishga bormasam, barcha xodimlar asosiy vaqtini ish qolib, behuda gap sotishga sarflaydignadek go'yo. Nima uchun ularni mustaqil va mas'uliyatli bo'lishga o'rgata omayman? Nahot o'zim istagan xislatlarga ega ishchilarni topa olmasam?

Bu vaziyatdan chiqish uchun shaxs etikasi menga bir nechta jiddiy choralar β€” po'pisa qilish yoki jazolash orqali xodimlarimni bir qolipga solib, shukr qilishga majburlashga o'rgatadi. Yoki ularni rag'batlantiruvchi o'quv mashg'ulotlarini tashkillashtirishga undaydi. Bulardan naf chiqmasa, yaxshiroq ishlaydigan yangi xodimlar yollashni maslahat beradi.

Biroq xodimlarimning namoyishkorona sadoqatsizligi ortida boshqa sabab yashiringan bo'lishi mumkinmi? Balki chindan ham ularning manfaatini ko'zlashimga ishonishmas? Yoki munosabatim tufayli o'zlarini jonsiz buyumdek his etarlar? Bu qanchalik haqiqat?

Aslida ham hammasi men ko'rgandekmi? Men uchun ishlayotgan insonlar haqiqatan ham muammoning bir qismimi?

β€” Bajarishim kerak bo'lgan ishlar judayam ko'p, vaqtim esa umuman yetarli emas. Haftada yetti kun, yigirma to'rt soat kuchli bosim ostida va muammolar girdobida yurgandek bo'laman. Bularga barham berish uchun vaqtni to'g'ri taqsimlash bo'yicha seminarlarda ishtirok etdim, turli xil usullarni sinab ko'rdim. Qaysidir ma'noda ular menga yordam berdi. Shunday bo'lsa ham, hanuz hayotim o'zim istagandek baxtli, samarali va osuda emas.

Bu holatda shaxs etikasi menga ishlarimni rejalovchi qandaydir yangi dasturdan foydalanishni yoki bosimni samaraliroq usulda yengishga o'rgatuvchi seminarga qatnashishni taklif qiladi.

Lekin muammoning yechimi ehtimol samaradorlik emasdir? Ko'p vazifalarni qisqa vaqt ichida bajarish nimanidir ijobiy tomonga o'zgartiradimi yoki insonlar bilan munosabatimni va hayotimga ta'sir etadigan holatni jadallashtiardi xolosmi?

Nimanidir ko'zdan kechirgandirman? Balki vaqtim, hayotim hamda tabiatim haqidagi tasavvurimni shakllantiruchi ichki paradigmamga chuqurroq nazar tashlashim kerakdir?

β€” Oilaviy hayotim izdan chiqdi. Turmush o'rtog'im bilan urishmaymiz, janjallashmaymiz; biz shunchaki ortiq bir-birimizni sevmaymiz, xolos. Vaziyatni to'g'rilashga urindik, mutaxassislardan maslahat oldik. Bari β€” befoyda. Qachonlardir bizda bo'lgan his-tuyg'ularni qayta tiklay olmaydiganga o'xshaymiz.

Bu masalani hal etish uchun, shaxs etikasi menga oilaviy masalalar yoritilgan biror yangi kitob mutolaa qilishni yoki insonlar jam bo'lib, ichki kechinmalarini o'rtoqlashuvchi mashg'ulotlarda ishtirok etishni tavsiya qiladi. Mobodo shunda ham rafiqam meni ko'ngildagidek tushuna olmasa, o'zim muhtoj bo'lgan sevgiga erishish uchun yangitdan mun osabat boshlashim kerakligini uqtiradi.

Biroq muammo mening rafiqamda bo'lmasa-chi? Balki o'zim umr yo'ldoshimning ojizligini kuchaytirib, hayotimni menga qilingan munosabatga muvofiqlashtirayotgandirman?

Hayotimdagi muammoni alangalayotgan turmush o'rtog'im, nikoh va chin sevgi qanday bo'lishi haqida bosh paradigma mavjudmi menda?

Misollardan ko'rib turganingizdek, shaxs etikasi shakllantiradigan paradigmalar muammoni ko'rish va yechish yo'limizga katta ta'sir ko'rsatadi.

Bugungi kunda aksariyat odamlar shaxs etikasining quruq va'dalariga bilib-bilmay aldanib qolmoqda. Mamlakat bo'ylab sahoyat qilib, turli tashkilotlarda ruhlantirish psixologiyasi hamda "motivatsion" hikoyalarni so'zlovchi ma'ruzachilardan uzoqni ko'zlovchi rahbarlar bezor bo'lganiga guvoh bo'lganman.

Bu rahbarlar haqiqat istaydi; ularga taraqqiyot kerak. Ularga tezkor yechim shart emas. Ular surunkali muammolarni hal qiilshni ko'zlaydi. Shuning uchun uzoq muddatli ijobiy natija keltiruvchi tamoyillarga e'tibor qaratadi.

Yuqoridagi mavzular "ICHKARIDNA TASHQARIGA QONUNI"ni tushunishim uchun zarur edi.

Ichkaridan tashqariga qonuni

Albert Enshteyn ta'kidlashicha, "Biz muammolarimizni ularni yaratgan vaqtimizdagi fikrlash darajamiz bilan hal qila olmaymiz".

Atrofimizdagi va ichki olamimizga nazar solib, shaxs etikasi tufayli paydo bo'lgan muammolarni anglar ekanmiz, ular chuqur, fundamental ekanligini tushunamiz. Ularni yechish uchun yangi, yanada chuqurroq fikrlash bosqichiga β€” samarali inson bo'lish va muloqot qilish o'lchovini aniq belgilab beruvchi tamoyillarga asoslangan paradigmaga muhtojmiz.

Shaxsiy va shaxslararo samaradorlikni ta'minlovchi ushbu bosqich mag'zini tamoyillarga asoslangan, fe'l-atvorga yo'langan hamda "Ichkaridan tashqariga" yondashuvi tashkil qiladi.

"Ichkaridan tashqariga" yondashuvining ma'nosi shuki, samarador bo'lishga ilk qadam odamning o'zidan, aniqroq aytganda, uning ichki dunyosi, paradigmalarini, fe'l-atvori va motivlaridan boshlanadi.

Misol uchun, turmushingiz baxtli bo'lishini istasangiz, salbiy quvvatni yengib, ijobiy quvvat ulashuvchi inson bo'ling.

O'smir farzandingiz sizni yaxshi ko'rishini, dilkash bo'lishini xohlaysizmi? U holda tushunuvchan, rahmdil va mehribon ota-onaga aylaning.

Agar ishingizda ko'proq erkinlikni orzu qilsangiz, mas'uliyatli, yordamga shay, foydali xodim bo'ling.

Sizga ishonishlarini istaysizmi? U holda, ishonchga loyiq ekaningizni isbotlang.

Agar ikkilamchi qudrat namunasi bo'lgan biror iqtidoringizni yuzaga chiqarishni xohlasangiz, dastlab birlamchi qudrat, ya'ni fe'l-atvoringizni yuksaltirishga e'tibor qarating.

"Ichkaridan tashqariga" yondashuviga ko'ra, "Shaxsiy g'alabalar" hamisha "Ommaviy g'alabalar"dan avval keladi. Ya'ni o'zimizga va'da berib, uddasidan chiqishimiz boshqalarga berilgan va'dani bajarishimizdan ko'ra muhimdir. Shu bois, fe'l-atvorga nisbatan shaxsiyatni birlamchi bilishimiz, o'zimizni takomillashtirmasdan turib boshqalar bilan aloqalarimizni yaxshilashga urishinishimiz befoyda.

"Ichkaridan tashqariga" - inson o'sishi hamda rivojlanishini belgilovchi tabiiy qonunlarga asoslangan davomli yangilanish jarayonidir. U o'sishning yuqori qismi bo'lib, yanada samarali munosabatlarni va mas'uliyatli mustaqillikka olib boradi.

Juda ko'plab ajoyib, iqtidorli shaxslar, chin qalbdan baxt va muvaffaqiyatga erishishni istovchi insonlar, tinimsiz izlanishga bo'lgan yoki cheksiz azob chekayotgna odamlar bilan birga ishladim. Kamida yirik tadbirkorlaru oliygoh talabalari, diniy va ijtimoiy guruhlar, turli oilalar vakillariyu kelin-kuyovlar bilan muloqotda bo'ldim. Ammo biror marta bo'lsin, muammolarga davomiy yechim taqdim etuvchi, umrbot baxt-omad kaliti bo'lgan "tashqaridan-ichkariga" yondashuvini ko'rmadim.

"Tashqaridan-ichkariga" paradigmasiga tayanganlar o'zini jabrdiyda va keraksiz hisoblovchi baxtsiz odamlar bo'ldi. Ular boshqalarning ojizligiga diqqat qaratadi va o'zining abgor ahvoli uchun muhitni aybdor deb biladi.

Men bir-birini o'zgartirishga, "gunohlar"ini ochib tashlashga tayyor, juftini o'zi istagan qolipga solishga intiluvchi er-xotinlarga duch keldim. Bundan tashqari, ko'p vaqt va quvvat sarflab, qonun yaratish va shu qonun yordamida odamlarni go'yo o'zaro ishonch mavjuddek tutishga majburlovchi mehnat nizolariga guvoh bo'ldim.

Oilamiz a'zolari yer yuzidagi uchta eng "qaynoq" nuqta β€” Janubiy Afrika, Amerika va Irlandiyada istiqomat qilgan. Ishonchim komil, "tashqaridan-ichkariga" ijtimoiy paradigmasining hukmronligi ushbu hududlardagi muammolarning asl manbasidir. Har bir guruh muammo "tashqarida" ekaniga, agar "ular" (ya'ni boshqalar) o'zini "to'g'rilasa", muammo hal bo'lishiga ishonadi.

"Ichkaridan tashqariga" β€” ko'p sonli odamlar uchun keskin paradigma almashinuvi sanaladi. Chunki u mavjud vaziyat va shaxs etikasining ijtimoiy paradigmasiga kuchli ta'sir o'tkazadi.

Lekin mening shaxsiy hamda boshqa insonlar bilan ishlash jarayonida orttirgan tajribam, shuningdek o'rtmishdagi muvaffaqiyatli jamiyatlar hamda shaxslarni diqqat bilan o'rganishimdan kelib chiqib ayta olamanki, "Yetti ko'nikma"da keltirilgan tamoyillarning aksariyati allaqachon ongimiz va vijdonimizda mavjud.

Ularni tanish va rivojlantirish, eng og'riqli muammolarimizni hal etishda foydalanish uchun biz avvalo boshqacha fikrlashga, paradigmalarimizni fikrlashing yangi darajasi β€” "Ichkaridan tashqariga" almashtirishimiz zarur. Ushbu ko'nikmalarni anglab, hayotimizga tatbiq etishga chog'lanar ekanmiz, ishonamanki, T.S.Eliotning quyidagi fikri zamiridagi haqiqatni qayta kashf etamiz:

"Biz izlanishdan to'xtamasligimiz kerak. Izlanishlarimiz yakuni β€” boshlangan joyimizga qaytish va uni yangidan kashf qilish bo'ladi".


"Effektiv insonlarning 7 ko'nikmasi" (Stiven R. Kovi) asari asosida, internet uchun Rahimjon Gaziyev tayyorladi.