June 9

O'tganlarga ehson marosimi - joiz va nojoiz holati

Turli omillar sababli o'tgan yaqinlarni, xususan ota-onani yo'qlab, ularga ortlaridan savob yuborish niyatida taom pishirib, odamlarni chorlash keng tarqalgan. Hatto ko'pchilik o'tganlarga savob bag'ishlash, deganda aynan mana shu ishni tushunadigan bo'lib qolgan.

Dindan uzoqlashish va yana boshqa turli sabablarga ko'ra, o'tganlarga atab, "uch", "yigirma", "qirq", "yil" va boshqa nomlar bilan ataladigan marosimlar o'tkazish odatga aylangan. Bu kabi marosimlarni o'tkazishning o'ziga xos "qoida"lari ham shakllangan. Ularga binoan, kun sanashning ham uslubi bor - marosimni toq kunlarda qilish shart emish. Qilinadigan taomlarning turi ham aniqlab, tayinlab qo'yilgan. Yana shunga o'xshash bid'at-xurofotlardagi marosimchilarning gapi gap bo'ladi. Ba'zi joylarda mayyitning dafni kuni jonliq so'yib, taom pishirishga kirishib ketiladi. Yuqorida nomi aytilgan marosimlarning qilinmasligi marhumni xorlash bilan barobar ko'riladi. Xullas, bu borada shariatga to'g'ri kelmaydigan gaplar va ishlar anchagina.

Avvalo, musiybatga uchraganlar dafndan keyingi 3 kun ichida boshqalarga taom qilib berihslari makruhdir. Merosxo'rlarning ichida balog'atga yetmagan bolalar bo'lsa, boshqalarga taom qilib berish haromdir. Musiybatzadalarga ularning yaqinlari va qo'shnilari taom taqdim qilishlari mustahabdir. Mazkur uch kundan keyin mayyit ahli taom qilib, ulashsa bo'ladi.

Ammo shariatda "uch", "yigirma", "qirq", "yil" va boshqa nomlar bilan ataladigan marosimlar yo'q. Katta kitoblarda ham, kichiklarida ham, arabchasida ham, ajamchasida ham bu nomlarning birortasini topib bo'lmaydi.

Kitoblarda "Motam munosabati ila qilinadigan taom "vaziyma" deyiladi" degan gap bor, xolos.
O'sha vaziymaning kuni, hajmi, unga pishiriladigan taomning turi va boshqa narsalari belgilangan emas. Bunday ehsonni kishi o'zidan, oilasidan, qaramog'idagilardan orttirganda, balog'atga yetmagan bolalarning haqqini aralashtirmasdan, ko'ngli istagan paytda qilishi mumkin. Bunda turli bid'at-xurofotlarni aralashtirmaslik shart.

Faqihlar bu boradagi hujjat va dalillarni tahlil qilib, jumladan, quyidagi xulosaga kelganlar:

Mayyitga savobi yetadigan narsalar

Barcha ulamoalar mayyitning duo, istig'for, sadaqa va haj kabi badaniy-moliyaviy ibodatlardan manfaat olishiga ittifoq qilganlar.

Ulamolar namoz va Qur'on qiroati kabi badaniy ibodatlardan mayyit foyda olishi haqida bir oz ixtilof qilganlar.
Hanafiylarning ixtiyor qilgan qavllari bo'yicha, qorilar qabrning oldida o'tirib, qiroat qilsalar bo'ladi. Boshqa yerlardagi qiroatning ham savobi yetishi haqida shubha yo'q. Chunki Qur'on qiroati bo'lgan yerga rahmat va baraka nozil bo'ladi. Qur'on qiroatidan keyingi duoning qabul bo'lishi oson.
Hanbaliylar: "Qabr oldida qiroat qilsa bo'ladi", deganlar va unga "Yaasiyn"ni o'lganlarga o'qish haqidagi hadisni dalil qilganlar.

Molikiylar: "Mayyitga uning o'limidan keyin va qabr oldida qiroat qilish makruh, chunki avvalgilar bunday qilmagan", deganlar. Ammo ularning keyingi keyingi ulamolari: "Qur'on qiroati va zikr qilib, savobini mayyitga bag'ishlash mumkin va bag'ishlovchiga ham ajr bo'ladi", deyishgan.

Avvalgi Shofe'iylar: "Mayyitga o'zining amalidan boshqa amal manfaat bermaydi", deganlar. Ammo bu mazhabning keyingi ulamolari masalani o'rganib, tahqiq qilib chiqqach: "O'lganlarga "Fotiha" va boshqa suralarning qiroati savobi yetadi", deganlar. Odamlar shunga amal qilganlar.

Shunday qilib, to'rt mazhabning barchasi Qur'on qiroatining savobi o'tganlarga yetishiga ittifoq qilganlar.

Demak, arabchada "vaziyma" deb nomlangan motam munosabati ila o'tganlarga saavob yetkazish ma'nosida qilinadigan ixtiyoriy marosimni o'ziga to'q bo'lib, ehtiyojidan ortiq mablag'i bor odam, dafndan uch kun o'tgan bo'lishi sharti ila, o'ziga qulay paytda, kun, hafta oy va yil sanamay qiladi. O'zidan va qaramog'idagilardan puli ortmagan odam qilmaydi. Bu marosimni qarz olib qilish mutlaqo mumkin emas.


Manba: Isrof kitobi, 47-50 betlar.
"Hilol-Nashr" 2015, © Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)


Manbalar asosida Rahimjon Gaziyev tayyorladi.
(10 iyun 2024 yil)